Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so'roq qilish qonuniy vakili yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog va (yoki) psixolog yoxud jabrlanuvchining vakili ishtirokida ularning roziligi bilan o'tkaziladi. Ko'rsatilgan shaxslar so'roq qiluvchining ruxsati bilan guvoh yoki jabrlanuvchiga savollar berishlari mumkin.
Pedagogni va (yoki) psixologni so'roq qilishga jalb etish voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchi qonuniy vakilining yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshining, jabrlanuvchi vakilining iltimosiga binoan yoxud surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning tashabbusiga ko'ra amalga oshiriladi. Pedagogning va (yoki) psixologning ishtiroki jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan ta'minlanadi.
Voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so'roq qilishda ishtirok etish uchun pedagogni va (yoki) psixologni jalb etish to'g'risida iltimosnoma berish huquqi so'roq qilishdan oldin uning qonuniy vakiliga yoki katta yoshli yaqin qarindoshiga, jabrlanuvchi vakiliga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tushuntiriladi.
Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so'roq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligi voyaga yetmaganning yoshidan va holatidan kelib chiqishi hamda:
1) 7 yoshgacha bo'lganlarga nisbatan — tanaffuslarsiz o'ttiz daqiqadan, jami bir soatdan;
2) 7 yoshdan 14 yoshgacha bo'lganlarga nisbatan — tanaffuslarsiz bir soatdan, jami ikki soatdan;
3) 14 yoshdan 18 yoshgacha bo'lganlarga nisbatan — tanaffuslarsiz ikki soatdan, jami to'rt soatdan oshmasligi kerak.
Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini qo'shimcha so'roq qilish so'roq qilinuvchi ishning o'ziga ma'lum bo'lgan barcha holatlari to'g'risida ko'rsatuv bera olishi uchun ushbu moddaning to'rtinchi qismida nazarda tutilgan so'roqning umumiy davom etish vaqti yetarli bo'lmagan hollarda, shuningdek ushbu Kodeks 108-moddasining 2 — 7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo'lgan taqdirda ham amalga oshiriladi.
O'n olti yoshgacha bo'lgan guvohlar va jabrlanuvchilar ko'rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg'on ko'rsatuv berganlik uchun javobgarlik to'g'risida ogohlantirilmaydilar, biroq surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi shu guvoh va jabrlanuvchilarga ularning protsessual huquqi va majburiyatlarini tushuntirish chog'ida haqqoniy ko'rsatuv berish va bu bilan jinoyat ishi bo'yicha haqiqatni aniqlashga ko'maklashish ma'naviy burch ekanligini eslatib o'tadi.
Jinsiy erkinlikka qarshi, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslar savdosiga oid jinoyat ishlari bo'yicha voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so'roq qilish, shuningdek boshqa holatlarda so'roq qilish, agar buni odil sudlovning yoki voyaga yetmagan shaxsning manfaatlari talab etsa, stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonada qonuniy vakil, pedagog va (yoki) psixolog ishtirokida o'tkazilishi mumkin.
So'roqni stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalarda o'tkazish tartibi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan belgilanadi.
Zarur bo'lgan hollarda, himoyachi, voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili, pedagog yoki psixolog savollarni surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning ruxsati bilan qayta tuzish huquqiga ega, bunda savollarning mohiyati o'zgartirilmaydi.
Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so'roq qilish stenografiyasi, ular ko'rsatuvlarining audio- va videoyozuvlari ushbu moddaga muvofiq bayonnomaga ilova qilinadi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
121-modda. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so'roq qilishning o'ziga xos jihatlari
(121-модданинг тўртинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 17 апрелдаги ЎРҚ-1130-сонли Қонунига асосан тўртинчи ва бешинчи қисмлар билан алмаштирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 17.04.2026 й., 03/26/1130/0376-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.