Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro'zg'or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo'lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta'lim olish, sog'liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to'sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog'lig'ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha'ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo'rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo'yish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo'lmasa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o'ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro'zg'or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega bo'lgan shaxsni do'pposlash, ushbu shaxslarga sog'liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo'lmagan muddatga yo'qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o'sha harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o'ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro'zg'or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega bo'lgan shaxsga sog'liqning qisqa vaqt, ya'ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko'p bo'lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo'lmagan muddatga yo'qolishiga sabab bo'lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o'ttiz baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro'zg'or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega bo'lgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo'lmagan va ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sog'liqning uzoq vaqt, ya'ni kamida yigirma bir kun, ammo to'rt oydan ko'p bo'lmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining o'n foizidan o'ttiz uch foizigacha yo'qolishiga sabab bo'lgan qasddan badanga o'rtacha og'ir shikast yetkazish, —
uch yuz oltmish soatdan to'rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning to'rtinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) homiladorligi aybdorga ayon bo'lgan ayolga nisbatan;
v) o'ta shafqatsizlik bilan;
g) g'arazli niyatlarda;
d) diniy taassublar zamirida;
ye) bir guruh shaxslar tomonidan;
j) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97, 104 va (yoki) 105-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
z) o'ta xavfli retsidivist tomonidan;
i) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo'lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo'lsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro'zg'or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo'lgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo'lgan qasddan badanga og'ir shikast yetkazish natijasida ko'rish, so'zlash, eshitish qobiliyatini yo'qotishga yoxud biron a'zoning ishdan chiqishiga yoki uning funktsiyalari tamoman yo'qolishiga, ruhiy holatning buzilishiga yoki sog'liqning boshqacha tarzda yomonlashuviga, umumiy mehnat qobiliyatining o'ttiz uch foizidan kam bo'lmagan qismining yo'qolishiga yoki homilaning tushishiga yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo'lsa, —
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) homiladorligi aybdorga ayon bo'lgan ayolga nisbatan;
b) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;
v) o'ta shafqatsizlik bilan;
g) g'arazli niyatlarda;
d) diniy taassublar zamirida;
ye) bir guruh shaxslar tomonidan;
j) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo'lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo'lsa, —
yetti yildan o'n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) takroran, xavfli retsidivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97 va (yoki) 104-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
v) o'ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo'lsa;
g) jabrlanuvchining o'limiga sabab bo'lsa, —
o'n yildan o'n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat kodeksi
126¹-modda. Oilaviy (maishiy) zo'ravonlik
(126¹-модда иккинчи қисмининг диспозицияси Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 21 октябрдаги ЎРҚ-978-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 22.10.2024 й., 03/24/978/0835-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.