Экономический процессуальный кодекс

69-modda. Dalillarni taqdim etish va talab qilib olish

Dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladi. Agar sud mavjud dalillar yetarli emas deb hisoblasa, ishning ob'yektiv holatlarini aniqlash va nizoni to'g'ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo'lgan qo'shimcha dalillarni taqdim etishni taklif qilishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxs ishda ishtirok etuvchi yoki ishtirok etmaydigan shaxsdagi zarur dalilni mustaqil olish imkoniga ega bo'lmasa, o'sha dalilni talab qilib olish to'g'risida sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqli. Iltimosnomada shu dalil bilan ish uchun ahamiyatli qanday holatlar aniqlanishi mumkinligi, dalilning alomatlari va uning joylashgan joyi ko'rsatilishi zarur. Dalilni talab qilib olish to'g'risidagi iltimosnomani ko'rib chiqish natijalari bo'yicha ajrim chiqariladi. Dalilni talab qilib olish to'g'risidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi ajrimda talab qilinayotgan dalilni taqdim etish muddati va tartibi ko'rsatilib, ajrim sud tomonidan talab qilinayotgan dalilni saqlayotgan shaxsga yuboriladi. Sud talab qilayotgan dalilni saqlayotgan shaxs uni bevosita sudga yuboradi yoki sudga topshirish uchun tegishli ajrimni taqdim etgan shaxsga beradi. Agar shaxs sud talab qilayotgan dalilni taqdim etish imkoniyatiga ega bo'lmasa yoki sud belgilagan muddatda taqdim eta olmasa, u shu muddat ichida bu haqda sudni sabablarni ko'rsatgan holda xabardor qilishi shart. Dalilni saqlayotgan shaxs talab qilinayotgan dalilni taqdim etish majburiyatini sud uzrsiz deb topgan sabablarga ko'ra bajarmagan taqdirda, uni saqlayotgan shaxsga ushbu Kodeksning 14-bobida belgilangan tartibda sud jarimasi solinadi. Talab qilinayotgan dalilni saqlayotgan shaxsga jarima solinishi uni dalilni sudga taqdim etish majburiyatidan ozod qilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.