Ish muhokamasi sud majlisida amalga oshiriladi. Sudning majlisi videokonferentsaloqa rejimida o'tkazilishi mumkin.
Ish bo'yicha birinchi sud majlisi ishni sud muhokamasiga tayyorlash to'g'risida ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran yigirma kundan kechiktirmay o'tkazilishi kerak.
Sud tashabbusiga ko'ra yoki iqtisodiy sud ishlari ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko'ra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Majlisda raislik qiluvchi sudya:
1) sud majlisini ochadi va qanday ish ko'rilishini e'lon qiladi;
2) iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari majlisga kelgan-kelmaganligini, ularning vakolatlarini, majlisga kelmagan shaxslar tegishli ravishda xabardor qilingan-qilinmaganligini hamda ularning kelmaganligi sabablari to'g'risida qanday ma'lumotlar borligini tekshiradi;
3) sud tarkibini e'lon qiladi, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi, tarjimon sifatida kimlar ishtirok etayotganligini ma'lum qiladi hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad qilish huquqini tushuntiradi;
4) kelgan guvohlarni majlis zalidan so'roq qilish boshlanguniga qadar chiqarib yuboradi;
5) sud protsessi ishtirokchilariga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;
6) tarjimonni bila turib noto'g'ri tarjima qilganlik uchun, ekspertni bila turib noto'g'ri xulosa berganlik uchun, guvohni bila turib yolg'on ko'rsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlik to'g'risida ogohlantiradi;
7) dalillarni tekshirish tartibini belgilaydi;
8) ish uchun ahamiyatli holatlar aniqlanishini ta'minlab, majlisga rahbarlik qiladi;
9) majlisda tegishli tartibni ta'minlash choralarini ko'radi.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo'lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televideniye orqali translyatsiya qilinishiga ishni ko'rayotgan sudning ruxsati bilan yo'l qo'yiladi.
Ishni yopiq sud majlisida muhokama qilish to'g'risida ajrim chiqarilganda yopiq sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar sud muhokamasi ma'lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik to'g'risida ogohlantirilib, ulardan tilxat olinadi. Tilxatda mazkur majburiyatni buzganlik uchun O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 239-moddasiga muvofiq javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettiriladi.
lex.uz’dagi asl matnЭкономический процессуальный кодекс
165-modda. Sud majlisi
(165-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 26 сентябрдаги ЎРҚ-1084-сонли Қонунига асосан олтинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 26.09.2025 й., 03/25/1084/0874-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.