Chet ellik investor ushbu Qonunning 10-moddasida nazarda tutilgan huquqlar bilan bir qatorda O'zbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyati natijasida olingan, o'ziga tegishli bo'lgan ixtirolarni, foydali modellarni va sanoat namunalarini xorijda hamda O'zbekiston Respublikasida patentlash to'g'risida mustaqil ravishda qaror qabul qilish huquqiga ega.
Chet davlatlarning fuqarolari bo'lgan chet ellik investorlarga, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning O'zbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko'rsatish korxonalarini tashkil etishga investitsiyalar kiritgan muassislariga (ishtirokchilariga) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan shartlarda O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi soddalashtirilgan tartibda beriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning muassislari (ishtirokchilari) bo'lgan chet ellik investorlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan shartlarda O'zbekiston Respublikasidan chiqmasdan muddatini uzaytirish imkoniyati bilan «investitsiya vizasi»ni, ularning oila a'zolari (turmush o'rtog'i, ota-onasi va farzandlari) esa «investitsiya vizasi» amal qilish muddatiga mos ravishda «mehmon vizasi»ni olish huquqiga ega.
O'zbekiston Respublikasi tashqarisida bo'lgan chet ellik investorlarga «investitsiya vizasi» turidagi viza O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan, O'zbekiston Respublikasi hududidagi chet ellik investorlarga esa O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladi.
Chet ellik investorlarga «investitsiya vizasi» turidagi vizani va O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini berish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoxud «investitsiya vizasi»ga ega bo'lgan chet ellik investorlar hamda ularning oila a'zolari (turmush o'rtog'i, ota-onasi va farzandlari) quyidagi huquqlarga ega:
O'zbekiston Respublikasi hududida ishga joylashish;
O'zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan teng huquqlar asosida tibbiy va ta'lim xizmatlaridan foydalanish;
O'zbekiston Respublikasining ta'lim muassasalarida o'rta va oliy ta'lim olish.
lex.uz’dagi asl matn«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida»gi qonun
47-modda. Chet ellik investorlarning huquqlari
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.