Ro'yxatga olingan mol-mulkni baholashni tashkil etish qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ijrochisi tomonidan bozor qiymati bo'yicha amalga oshiriladi.
Davlat ijrochisi mol-mulkni baholovchi tashkilotni jalb etadi, ushbu moddaning uchinchi, to'rtinchi va oltinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Davlat ijrochisi alohida ko'char mol-mulkning shartnomaviy narxini faqat alohida olingan mol-mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, mol-mulkning jami qiymati esa bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan oshmagan taqdirdagina, baholovchi tashkilotni jalb etmagan holda mustaqil belgilashi mumkin, avtomototransport vositalari bundan mustasno.
Garovga qo'yilgan mol-mulk bilan ta'minlangan majburiyatlarni ijro etishda undiruv ushbu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, garovga qo'yilgan mol-mulk sud tomonidan majburiy tarzda baholashdan o'tkaziladi hamda ushbu kimoshdi savdosidagi boshlang'ich realizatsiya qilish narxi sud qarori bilan baholash to'g'risidagi hisobotda aniqlangan miqdorda belgilanadi.
Qimmatli qog'ozlar, valyuta qimmatliklari, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa ro'zg'or buyumlari, nodir buyumlar, asl tasviriy san'at hamda haykaltaroshlik asarlari mutaxassislar albatta ishtirok etgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda baholanishi, keyin (uch ish kuni ichida) mas'uliyatli saqlash uchun bankka yoki Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysiga yoxud investitsiya vositachisiga topshirilishi kerak, muayyan turdagi qimmatliklar muzeyga yoki ularning saqlanish sharoitlarini ta'minlovchi boshqa ixtisoslashtirilgan muassasaga topshirilishi lozimligi to'g'risida qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.
Fond birjasining birja kotirovkasi varag'iga kiritilgan qimmatli qog'ozlarning qiymati tegishli qimmatli qog'ozlar o'zida birja kotirovkasi varag'iga kiritilgan va qonunchilikka muvofiq kotirovka qilinadigan fond birjasiga qimmatli qog'ozlar kotirovkalariga doir so'rov berish orqali davlat ijrochisi tomonidan aniqlanadi.
Agar davlat ijrochisi tomonidan ro'yxatga olingan qimmatli qog'ozlar fond birjasining birja kotirovkasi varag'iga kiritilmagan bo'lsa, davlat ijrochisi qimmatli qog'ozlarni baholash uchun qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda baholovchi tashkilotni jalb etadi.
Davlat ijrochisi tomonidan mol-mulkni yoki mulkiy huquqni baholash to'g'risidagi hisobot olingan (chiqarilgan) paytdan e'tiboran uch ish kunidan kechiktirmay ijro ishi yuritishdagi taraflarga baholash natijalari haqida bildirishnoma yuboriladi.
Baholash to'g'risidagi hisobotda ko'rsatilgan baholash ob'yektining qiymati xususida ijro ishi yuritishdagi taraflar o'tkazilgan baholash to'g'risida o'zlari xabardor qilingan kundan e'tiboran o'n kundan kechiktirmay sudda nizolashishi mumkin.
Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda O'zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan tartibga solinadi.
lex.uz’dagi asl matn«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonun
54-modda. Qarzdorning mol-mulkini baholash
(54-модданинг тўртинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 22 апрелдаги ЎРҚ-1060-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 22.04.2025 й., 03/25/1060/0373-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.