Fuqarolik kodeksi

849-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bo'yicha bir taraf (boshqaruvning muassisi) ikkinchi tarafga (ishonchli boshqaruvchiga) mol-mulkini muayyan muddatga ishonchli boshqaruvga topshiradi, ikkinchi taraf esa ushbu mol-mulkni boshqaruvning muassisi yoki u ko'rsatgan shaxs (foyda oluvchi) manfaatlarini ko'zlab boshqarish majburiyatini oladi. Mol-mulkni ishonchli boshqarishga topshirish bu mol-mulkka mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga o'tishiga olib kelmaydi. Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni ishonchli boshqarar ekan, ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq ushbu mol-mulkka nisbatan foyda oluvchining manfaatlarini ko'zlagan holda har qanday yuridik va amaliy harakatlarni qilishga haqli. Qonunda yoki shartnomada mol-mulkni ishonchli boshqarish bo'yicha ayrim harakatlarga nisbatan cheklovlar nazarda tutilishi mumkin. Ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulk yuzasidan bitimlarni ishonchli boshqaruvchi o'z nomidan amalga oshiradi, bunda u o'zining shunday boshqaruvchi sifatida ish olib borayotganini ko'rsatadi. Agar yozma tarzda rasmiylashtirishni talab qilmaydigan harakatlar amalga oshirilayotganida ikkinchi taraf ishonchli boshqaruvchi bu harakatlarni ana shunday boshqaruvchi sifatida amalga oshirayotganligidan xabardor qilingan bo'lsa, yozma hujjatlarda esa ishonchli boshqaruvchining ismi yoki nomidan keyin tegishli belgi qo'yilgan bo'lsa, mazkur shartga rioya qilingan hisoblanadi. Ishonchli boshqaruvchining ana shunday boshqaruvchi sifatida harakat qilishi to'g'risida ko'rsatma bo'lmasa, u uchinchi shaxslar oldida shaxsan majburiyat oladi va ular oldida faqat o'ziga qarashli mol-mulk bilan javob beradi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.