Fuqarolik kodeksi

495-modda. Korxonani kamchiliklar bilan topshirish va qabul qilish oqibatlari

(495-модданинг бешинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)

Topshirish dalolatnomasi bo'yicha sotuvchi tomonidan tarkibi, shu jumladan topshirilgan mol-mulkining sifati, korxonani sotish shartnomasida nazarda tutilgan talabga muvofiq bo'lmagan korxonaning topshirilishi va sotib oluvchining qabul qilishi oqibatlari, agar shartnomadan boshqacha tartib kelib chiqmasa va u ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to'rtinchi qismlarida nazarda tutilgan bo'lmasa, ushbu Kodeksning 393-395, 399, 402, 408, 412-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida aniqlanadi. Korxona topshirish dalolatnomasiga muvofiq topshirilgan va qabul qilingan bo'lib, unda korxonaning aniqlangan kamchiliklari va yo'qotilgan mol-mulki to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan taqdirda, agar korxonani sotish shartnomasida bunday hollarda boshqa talablarni qo'yish huquqi nazarda tutilgan bo'lmasa, sotib oluvchi korxonaning xarid narxini tegishincha kamaytirishni talab qilish huquqiga ega. Sotib oluvchiga korxona tarkibida sotuvchining korxonani sotish shartnomasida yoki topshirish dalolatnomasida ko'rsatilmagan qarzlari (majburiyatlari) ham topshirilgan taqdirda, agar sotib oluvchi shartnoma tuzish va korxonani topshirish vaqtida bunday qarz (majburiyat)lar borligini bilganini sotuvchi isbotlamasa, sotib oluvchi xarid narxini kamaytirishni talab qilish huquqiga ega. Sotuvchi korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar to'g'risida yoki topshirilishi lozim bo'lgan ayrim turdagi mol-mulkning bu tarkibda yo'qligi to'g'risida sotib oluvchidan bildirish xati olgan hollarda tegishli darajada sifatli bo'lmagan mol-mulkni darhol almashtirishi yoki sotib oluvchiga yetishmayotgan mol-mulkni berishi mumkin. Agar korxonaning sotuvchi javobgar bo'lgan kamchiliklar tufayli korxonani sotish shartnomasida aytib o'tilgan maqsadlar uchun yaroqsizligi va bu kamchiliklar ushbu Kodeksga, qonunchilik yoki shartnomaga muvofiq belgilangan shartlarda, tartib va muddatlarda sotuvchi tomonidan bartaraf qilinmaganligi yoki bunday kamchiliklarni bartaraf qilib bo'lmasligi aniqlangan bo'lsa, sotib oluvchi korxonani sotish shartnomasini bekor qilish yoki o'zgartirishni va taraflar shartnomaga muvofiq bajarganlarini qaytarishni sud tartibida talab qilish huquqiga ega.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.