Таможенный кодекс

230-modda. Arizani ko'rib chiqish va guvohnoma berish to'g'risida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qilish

(230-модданинг тўртинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 27 февралдаги ЎРҚ-913-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 27.02.2024 й., 03/24/913/0158-сон — 2024 йил 28 майдан кучга киради)

Guvohnoma berish to'g'risida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qilish uchun bojxona organi: guvohnoma yakka tartibda berilayotganda — taqdim qilingan transport vositasining ushbu Kodeksning 228-moddasida nazarda tutilgan guvohnoma berish talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirishni amalga oshiradi; guvohnoma konstruktsiyaning turi bo'yicha berilayotganda — konstruktsiyaning ma'lum qilingan turi bo'yicha tayyorlangan bir yoki bir nechta transport vositasining ushbu Kodeksning 228-moddasida nazarda tutilgan guvohnoma berish talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirishni amalga oshiradi. Bojxona organi tomonidan guvohnoma berish to'g'risidagi arizani ko'rib chiqish hamda guvohnoma berish to'g'risida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qilish muddatlari ariza qabul qilingan sanadan e'tiboran quyidagi muddatlardan oshmasligi kerak: guvohnoma yakka tartibda berilganda — o'n ish kunidan; guvohnoma konstruktsiyaning turi bo'yicha berilganda — yigirma ish kunidan. Guvohnoma berish to'g'risidagi arizani ko'rib chiqqanlik va guvohnoma berganlik uchun bojxona yig'imlari undirilmaydi. Bojxona organi tegishli qaror qabul qilingan sanadan e'tiboran bir ish kunidan kechiktirmay arizachiga guvohnoma berishi (yuborishi) yoki guvohnoma berish rad etilganligi haqida uni O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Litsenziya» axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi shart. Arizachi guvohnoma berish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Litsenziya» axborot tizimi orqali xabarnoma olganidan keyin respublikaning istalgan bojxona organiga O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo'mitasi tomonidan belgilangan shaklda to'ldirilgan guvohnomani taqdim etadi. Bojxona organi guvohnoma ma'lumotlarini O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Litsenziya» axborot tizimi orqali tekshiradi va uni muhr bilan tasdiqlaydi. Guvohnoma berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo'ladi: guvohnoma berish uchun zarur bo'lgan hujjatlarning arizachi tomonidan to'liq hajmda taqdim etilmaganligi; avtotransport vositasining ushbu Kodeks 227-moddasida belgilangan talablar va shartlarga nomuvofiqligi; arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda noto'g'ri yoki buzib ko'rsatilgan ma'lumotlarning mavjudligi. Guvohnoma berishni boshqa asoslarga ko'ra, shu jumladan maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan rad etishga yo'l qo'yilmaydi. Ushbu modda oltinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko'rsatilgan faktlar aniqlanganda, agar arizada bartaraf etilishi mumkin bo'lgan kamchiliklar mavjud bo'lsa, bojxona organi ularni bartaraf etish uchun arizachiga muddat beradi. Kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to'g'risidagi xabarnoma bojxona organi tomonidan bir ish kuni ichida O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Litsenziya» axborot tizimi orqali elektron shaklda arizachiga yuboriladi. Xabarnomada taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish usullari, shuningdek arizachi ko'rsatilgan sabablarni bartaraf qilib, tegishli hujjatlarni ko'rib chiqish uchun takroran taqdim etishi mumkin bo'lgan muddat ko'rsatiladi. Xabarnomada ko'rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo'ladigan vaqtga mutanosib bo'lishi, lekin o'ttiz ish kunidan oshmasligi kerak. Bojxona organi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida arizachiga malakali xodimlarni izlashda, hujjatlarni va dasturlarni maromiga yetkazish uchun mutaxassislarni jalb etishda, shuningdek guvohnomani olish uchun boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratishda ko'maklashishi va zarur maslahatlar berishi kerak, bundan arizachi taklif etilgan yordamni rad etgan hollar mustasno. Kamchiliklarni bartaraf etish to'g'risida xabarnoma yuborilgan taqdirda, guvohnoma berish to'g'risidagi arizani ko'rib chiqish muddati to'xtatib turiladi. Hujjatlar xabarnomada ko'rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etmasdan yoki xabarnomada ko'rsatilgan muddat o'tganidan keyin takroran taqdim etilgan taqdirda, bojxona organi guvohnoma berishni rad etish haqida qaror qabul qilishga haqli. Bunda guvohnoma berishni kamchiliklarni bartaraf etish to'g'risidagi xabarnomada ko'rsatilmagan yangi asoslar bo'yicha rad etishga yo'l qo'yilmaydi. Guvohnoma berish rad etilganligi haqida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to'g'risidagi xabarda rad etish sabablari va qonunchilikning normalari ko'rsatilishi lozim. Arizachi rad etish sabablarini bartaraf qilishga va hujjatlarni takroran ko'rib chiqish uchun taqdim etishga haqli bo'lgan muddat guvohnoma berish rad etilganligi haqidagi xabar olingan sanadan e'tiboran o'n ish kunini tashkil etadi. Guvohnoma berishni rad etish uchun asos bo'lgan sabablar arizachi tomonidan bartaraf qilingan taqdirda arizani takroran ko'rib chiqish va (yoki) avtotransport vositasini tekshirish, guvohnoma berish yoki uni berishni rad etish ariza qabul qilingan kundan e'tiboran uch ish kunidan oshmaydigan muddatda bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi. Xabarda ko'rsatilgan muddat tugaganidan keyin berilgan ariza yangitdan berilgan deb hisoblanadi va umumiy asoslarda ko'rib chiqiladi. Guvohnoma berish to'g'risidagi ariza takroran ko'rib chiqilayotganda guvohnoma berishni rad etish to'g'risidagi xabarda ilgari ko'rsatilmagan asoslarga ko'ra guvohnoma berishni rad etishga yo'l qo'yilmaydi. Arizachi bojxona organining guvohnoma berishni rad etish to'g'risidagi qarori, shuningdek bojxona organi mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.