«Advokatura to'g'risida»gi qonun

13¹-modda. Advokat maqomini to'xtatib turish

(13¹-модда биринчи қисмининг олтинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)

Advokat maqomini to'xtatib turish malaka komissiyalarining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi: advokat advokatlik faoliyati bilan birga olib borib bo'lmaydigan doimiy lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda — ish davriga; ta'lim muassasalariga, shu jumladan kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kurslariga o'qishga kirganda — o'qish davriga, biroq ko'pi bilan uch yilga; homiladorlik va tug'ish, uch yoshgacha bo'lgan bolani parvarish qilish bo'yicha ta'tillar berilganda — ta'til vaqtiga; advokat yoki uning yaqin qarindoshi og'ir kasalligi sababli vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik tufayli tibbiy xulosa taqdim etilganda — sog'ayguncha, biroq ko'pi bilan bir yilga; advokat qonunchilikda belgilangan tartibda bedarak yo'qolgan deb topilganda — bedarak yo'qolgan deb topish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinguniga qadar bo'lgan davrga; advokat harbiy xizmatga chaqirilganda — harbiy xizmatni o'tash davriga; sud tomonidan advokatga nisbatan tibbiy yo'sindagi majburlov choralarini qo'llash to'g'risida qaror qabul qilinganda, agar sudning mazkur qarori ushbu Qonunning 16-moddasiga muvofiq litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos bo'lmasa, — tibbiy yo'sindagi majburlov choralari sud tomonidan bekor qilinguniga qadar yoki o'zgartirilguniga qadar bo'lgan davrga; ushbu Qonunning 15-moddasiga muvofiq litsenziyaning amal qilishi to'xtatib turilganda — litsenziyaning amal qilishi to'xtatib turilgan davrga; advokatlik tuzilmasi tugatilganda yoki advokat undan chiqqanida — advokat tomonidan uch oydan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladigan boshqa advokatlik tuzilmasi tashkil etilguniga qadar yoxud mavjud advokatlik tuzilmalaridan biriga kirguniga qadar bo'lgan davrga. Advokatda advokatlik faoliyati bilan bir oydan ortiq muddatga shug'ullanishdan ozod qilinishiga qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslar mavjud bo'lganda, advokatning maqomi uning arizasiga binoan bunday ozod qilinish muddatiga to'xtatib turilishi mumkin. Advokatlik maqomini to'xtatib turish haqidagi qaror qabul qilingan kundan e'tiboran advokat maqomi to'xtatiladi. Adliya organi uch kunlik muddat ichida advokatning guvohnomasini olib qo'yadi, bundan advokat bedarak yo'qolgan deb topilgan hol mustasno va Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga advokat maqomi to'xtatilganligi haqida xabar beradi. Advokat maqomining to'xtatib turilishi advokatning Advokatlar palatasiga a'zoligi to'xtatib turilishiga sabab bo'ladi. Advokat maqomining to'xtatib turilishi mazkur advokatga nisbatan qonunda nazarda tutilgan kafolatlarning amal qilishi to'xtatilishiga olib keladi, ushbu Qonun 10-moddasining uchinchi — beshinchi qismlarida hamda «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasi to'rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan kafolatlar bundan mustasno. Advokat maqomi to'xtatib turilgan shaxs advokat maqomini to'xtatib turish uchun asos bo'lgan hollar tugatilganidan keyin uch oy ichida advokatlik faoliyatiga kirishishi kerak. Mazkur talabni bajarmaslik litsenziyaning amal qilishi ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan tartibda tugatilishiga sabab bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.