«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

97-modda. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi

Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlarning yig'ilishi yoki majburiyatlarni bajarish ta'minotini bergan shaxslar tomonidan sudga taqdim etiladi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi sud sanatsiyasi tartib-taomili joriy etilgan paytdan e'tiboran va sud sanatsiyasi tartib-taomili tugaguniga yoki muddatidan ilgari tugatilguniga qadar faoliyat yuritadi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi o'z arizasiga ko'ra yoki kreditorlar yig'ilishining yoxud majburiyatlarni bajarish ta'minotini bergan shaxslarning iltimosnomasiga binoan, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda sud tomonidan ozod qilinishi mumkin. Sudning sanatsiya qiluvchi boshqaruvchini o'z vazifasidan ayni bir paytda yangi sanatsiya qiluvchi boshqaruvchini tayinlagan holda ozod qilish to'g'risidagi ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Mazkur ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) uning ijrosini to'xtatib qo'ymaydi. Sud sanatsiyasi tartib-taomili paytida qarzdorning to'lov qobiliyati tiklanishi munosabati bilan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish yuritishning tugatilishi sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining huquq va majburiyatlari tugashiga sabab bo'ladi. Agar tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish haqida sud tomonidan ajrim chiqarilgan yoki qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risida qaror qabul qilingan bo'lsa, shuningdek boshqa shaxs tashqi boshqaruvchi yoki tugatuvchi boshqaruvchi etib tayinlangan bo'lsa, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi ishlar tashqi boshqaruvchiga yoki tugatuvchi boshqaruvchiga o'tkaziladigan paytga qadar o'z vazifalarini bajarishni davom ettirib turadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.