Qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi arizani qabul qilish haqidagi masalani yoki to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi arizani qabul qilishni rad etish yoxud qaytarish to'g'risidagi masalani sudya ariza tushgan paytdan e'tiboran besh kundan kechiktirmay hal etadi.
Sudya qarzdorning to'lovga qobiliyatsizligi to'g'risida ish qo'zg'atish haqida O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi va ushbu Qonun talablariga rioya etgan holda berilgan arizani o'z ish yurituviga qabul qiladi.
Sudya qarzdorning to'lovga qobiliyatsizligi to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi arizani ish yurituviga qabul qilar ekan, kuzatuv tartib-taomilini joriy etish va muvaqqat boshqaruvchini tayinlash to'g'risida ajrim chiqarishi mumkin.
Sudning to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi ajrimi sud tomonidan davlat soliq xizmati organlariga va boshqa vakolatli organlarga, qarzdor joylashgan yerdagi (yashash joyidagi) davlat ijrochisiga yuboriladi. Qarzdor yuridik shaxsning o'ziga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi ajrimning ko'chirma nusxasini o'z vakolatxonalari va filiallari joylashgan yerdagi shunday shaxslarga (organlarga) yuborish majburiyati uning zimmasiga yuklatiladi.
Agar ushbu Qonun 37-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shart buzilgan bo'lsa, sudya qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi arizani qabul qilishni rad etadi.
Agar qarzdorga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish haqidagi ariza ushbu Qonunning 39 — 45-moddalarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo'lmasa, sudya arizani qaytaradi. Ariza bilan murojaat etish qarzdorning rahbari uchun majburiy bo'lgan va arizaga ushbu Qonunning 40-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinmagan hollarda bunday ariza sud tomonidan qabul qilinadi, yetishmayotgan hujjatlar esa to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash tartibida talab qilib olinadi.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
46-modda. To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atish
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.