«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida»gi qonun

39-modda. Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirishlarning cheklanganligi

(39-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2011 йил 13 сентябрдаги ЎРҚ-295-сонли Қонуни таҳририда — ЎР ҚҲТ, 2011 й., 37-сон, 374-модда)

Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan nazorat qiluvchi organlar tomonidan rejali tartibda ko'pi bilan yiliga bir marta amalga oshirilishi mumkin, xususiy korxonalar va ushbu moddaning ikkinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Belgilangan normalar va qoidalarga o'z vaqtida hamda to'la hajmda rioya qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan ko'pi bilan ikki yilda bir marta amalga oshiriladi, ushbu moddada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Xususiy korxonalar faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan ko'pi bilan ikki yilda bir marta, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Kichik tadbirkorlik sub'yektlari va fermer xo'jaliklarining moliya-xo'jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko'pi bilan to'rt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo'jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko'pi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi. Yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub'yektlari va fermer xo'jaliklarining moliya-xo'jalik faoliyati ular davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan e'tiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali tekshirishlardan o'tkazilmaydi, ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Aktsiz to'lanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub'yektlari va fermer xo'jaliklarining moliya-xo'jalik faoliyati, shuningdek kichik tadbirkorlik sub'yektlari va fermer xo'jaliklarining byudjet hamda markazlashtirilgan mablag'lar va resurslardan maqsadli foydalanish bilan bog'liq moliya-xo'jalik faoliyati ular davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan e'tiboran dastlabki ikki yil mobaynida rejali tekshirishlardan o'tkazilmaydi. Tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshiruvlardan o'tkazish muddatlari o'ttiz kalendar kundan oshmasligi lozim. Alohida hollarda bu muddat nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan uzaytirilishi mumkin, bunda ushbu qoida kichik tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin emas. O'tkazilayotgan tekshirishlar tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyat ko'rsatishiga to'sqinlik qilmasligi kerak. O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga a'zo tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirishlar mazkur Palata vakillari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Prokuratura, ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining faoliyatini tekshiruvlardan o'tkazish uchun qo'zg'atilgan jinoyat ishining mavjudligi asos bo'ladi. Bunda tadbirkorlik faoliyati sub'yektining qo'zg'atilgan jinoyat ishi bilan bog'liq faoliyatigina tekshiruv bilan qamrab olinishi mumkin bo'lib, bu haqda tekshiruv tayinlanganligi to'g'risidagi qarorda ko'rsatilgan bo'lishi kerak. Tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo'jalik faoliyatini tekshirishlar belgilangan tartibda faqat davlat soliq xizmati organlari tomonidan, mazkur organlar tekshirishlar davomida soliq va valyutaga oid jinoyatlar alomatlarini aniqlaganida esa O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi. Tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatiga kirmaydigan masalalar bo'yicha ularning talablarini bajarmaslik hamda tekshirish predmetiga taalluqli bo'lmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslik huquqiga ega. Tekshirishlar natijalari dalolatnoma (ma'lumotnoma) bilan rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi tekshirish tugagan kuni tekshirilayotgan tadbirkorlik faoliyati sub'yektida qoladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.