Water Code

124-modda. Yer osti suvlarini muhofaza qilish

Yer osti suvlarini chiqarish va ulardan foydalanish bilan shug'ullanuvchi shaxslar suv chiqarish uchastkasida hamda unga tutash hududda ularning rejimi ustidan kuzatuvlar olib borishi, shuningdek foydalanilayotgan suvning miqdori va sifati hisobini yuritishi shart. Agar foydali qazilmalar konlarini qidirish, ularni o'rganish va ulardan foydalanish bilan bog'liq bo'lgan burg'ilash hamda boshqa kon-qidiruv ishlarini bajarish chog'ida yer osti suvlari bor qatlamlar aniqlangan bo'lsa, bu haqda tog'-kon sanoati va geologiya organlariga xabar qilinishi hamda belgilangan tartibda yer osti suvlarini muhofaza qilishga doir choralar ko'rilishi zarur. Sanoat va boshqa oqova suvlarini oqizish uchun qaziladigan quduqlar suvli qatlamni ifloslantirish manbaiga aylanishi mumkin bo'lgan barcha hollarda bunday quduqlarni qazish taqiqlanadi. Yer osti suvlariga quduqlarni burg'ilash faoliyati O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi «Yer qa'ridan foydalanish markazi» davlat muassasasi tomonidan berilgan ruxsatnomaga asosan amalga oshiriladi. Bunda har bir quduqni burg'ilashga O'zbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi «Yer qa'ridan foydalanish markazi» davlat muassasasi qonunchilikda belgilangan tartibda gidrogeologik xulosani berganidan keyin yo'l qo'yiladi. Gidrogeologik xulosani olmasdan turib, quduq burg'ilash qonunga xilof deb hisoblanadi. O'z-o'zidan suv chiqaradigan va foydalanish uchun yaroqsiz bo'lgan quduqlarga suvni boshqarish uskunalari o'rnatilishi, ular konservatsiya qilinishi yoki tugatilishi lozim, foydalanish uchun yaroqsiz bo'lgan boshqa quduqlar esa qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilishi lozim. Yer osti chuchuk suvlari konlari shakllanadigan zonada qattiq va suyuq chiqindilar to'plagichlarini, chiqindixonalarni o'rnatishga, faoliyati yer osti suvlarining ifloslanish manbaiga aylanishi mumkin bo'lgan sanoat, qishloq xo'jaligi ob'yektlari va boshqa ob'yektlar joylashtirilishiga yo'l qo'yilmaydi. Yer osti suvlarini muhofaza qilish, shu jumladan quduqlarni kuzatish tarmog'ini yaratish va ishlab chiqarish monitoringini yuritish tadbirlari faoliyati yer osti suvlarining holatiga ta'sir ko'rsatadigan yoki ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.