«Sug'urta faoliyati to'g'risida»gi qonun

24-modda. Sug'urta syurveyeri

(24-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1154-сонли Қонунига асосан учинчи қисми билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)

Sug'urta syurveyeri quyidagilar bo'yicha xizmatlar ko'rsatuvchi, o'z shtatida tegishli mutaxassislarga ega bo'lgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega bo'lgan jismoniy shaxsdir: sug'urta (qayta sug'urta) shartnomasi tuzilguniga qadar sug'urta (qayta sug'urta) ob'yektini ko'zdan kechirish va tekshirish; sug'urta (qayta sug'urta) shartnomasi tuzilguniga qadar barcha faktlarni va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish, tavakkalchilik darajasini aniqlash; tekshirilayotgan sug'urta ob'yekti bo'yicha xulosa tuzish. Sug'urta ekspertizasini o'tkazishga vakolatli bo'lgan mutaxassislarning (ekspertlarning) ish tartibi sug'urta syurveyeri tomonidan belgilanadi. Sug'urta syurveyeri o'z faoliyatini vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda boshlaydi va tugatadi. Sug'urta syurveyerining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatining talablari va shartlari qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Sug'urta syurveyeri o'z faoliyatini sug'urtalovchi yoki sug'urta qildiruvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi. Sug'urta syurveyeri: sug'urtalovchi sifatida sug'urta va qayta sug'urta operatsiyalarini o'tkazishga; sug'urta bo'yicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga; sug'urtalovchilarning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ishtirok etishga haqli emas. Sug'urta syurveyeri ishining natijalari bo'yicha hisobot taqdim etilib, sug'urtalovchi yoki sug'urta qildiruvchi bu hisobotdan sug'urta (qayta sug'urta) shartnomasini tuzish chog'ida foydalanishi mumkin. Sug'urta syurveyerining hisobotidagi xulosalar mustaqil sug'urta ekspertizasi jarayonida qayta ko'rib chiqilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.