Aktuar tashkilot quyidagilarni o'z ichiga oladigan aktuar xizmatlari ko'rsatuvchi yuridik shaxsdir:
sug'urta voqeasi yuz berishining matematik jihatdan ehtimolligi hisob-kitoblarini amalga oshirishni, ham alohida tavakkalchilik guruhlarida, ham umuman sug'urta majmui bo'yicha zarar yetkazilishining takroriyligini va uning oqibatlarining og'irlik darajasini belgilashni;
sug'urtalovchining zarur sug'urta zaxiralari va fondlarini matematik jihatdan asoslash hamda hisob-kitob qilishni, ularni shakllantirish usullarini ishlab chiqishni;
sug'urtalovchining investitsiyalar sifatida to'plangan badallardan foydalanishida kapital qo'yilma normasi va netto-stavka miqdori o'rtasidagi bog'liqlikni tarif stavkalarini investitsiya daromadi summasiga kamaytirishga imkon beradigan tarzda aniqlashni;
sug'urtalovchilar va qayta sug'urtalovchilar kapitalining yetarlilik ko'rsatkichini hisoblashni, shuningdek aktivlar sifatini ta'minlash mexanizmlarini belgilashni;
sug'urta jarayonini tashkil etish uchun zarur xarajatlarni asoslashni va sug'urta xizmatlari tannarxini hisob-kitob qilishni;
sug'urtaning (qayta sug'urtaning) har bir turi bo'yicha tarif stavkalarini sug'urtalovchilar uchun ularni o'tkazishning uzoq muddatli va qisqa muddatli xususiyatini hisobga olgan holda belgilashni;
sug'urtalovchining investitsiya faoliyati natijalarini aktuar hisob-kitoblardan foydalangan holda baholashni;
sug'urtalovchining daromadlarini sug'urtaning (qayta sug'urtaning) har xil turlari bo'yicha rejalashtirishni;
aktuar hisob-kitoblarni amalga oshirish bo'yicha dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni;
sug'urta bilan bog'liq boshqa aktuar xizmatlarini ko'rsatishni.
Aktuar tashkilot o'z faoliyatini vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda boshlaydi va tugatadi. Aktuar tashkilotning xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatining talablari va shartlari qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Aktuar tashkilot shartnomaga muvofiq to'lov asosida faqat aktuar xizmatlarini ko'rsatishi mumkin.
Aktuariy qonunchilikda belgilangan tartibda aktuariy malaka sertifikatini olgan va aktuar tashkilot shtatida turgan yoki aktuar tashkilot bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzgan jismoniy shaxsdir.
Aktuariy sifatsiz aktuar xizmatlarini ko'rsatganlik, tijorat sirini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni oshkor qilganlik va aktuar tashkilotning zarar ko'rishiga olib kelgan o'zga xatti-harakatlari natijasida yetkazilgan zarar uchun aktuar tashkilot oldida javobgar bo'ladi.
Aktuar tashkilot o'z shtatida kamida bitta aktuariyga ega bo'lishi kerak.
Aktuariy:
sug'urtalovchi sifatida sug'urta va qayta sug'urta operatsiyalarini o'tkazishga;
sug'urta bo'yicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sug'urtalovchilarning (qayta sug'urtalovchilarning) ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ishtirok etishga haqli emas.
Aktuariy faoliyatining natijalari hisobot tarzida rasmiylashtiriladi.
Aktuariyning hisobotidagi xulosalar mustaqil sug'urta ekspertizasi jarayonida qayta ko'rib chiqilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«Sug'urta faoliyati to'g'risida»gi qonun
22-modda. Aktuar tashkilot va aktuariy
(22-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1154-сонли Қонунига асосан иккинчи қисми билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.