Sudyaning shaxsi daxlsiz. Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, u foydalanadigan transport vositasi va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.
Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini ta'minlash maqsadlarida ularga O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan belgilanadigan ro'yxat bo'yicha saqlash, olib yurish va undan foydalanish huquqi bilan xizmat quroli hamda shaxsiy himoya vositalari beriladi. Zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo'zg'atilishi mumkin.
Sudya O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Sudya tegishli sudyalar malaka hay'atining xulosasi olinmasdan ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining sudyalar daxlsizligini buzganlik va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik faktlari to'g'risidagi taqdimnomasi prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko'rib chiqiladi. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ko'rsatilgan faktlar bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilganligi yoki qo'zg'atilishi rad etilganligi haqida O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga xabar beradi.
Sudyani huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so'roq qilish uchun chaqirishga faqat tegishli sudyalar malaka hay'atining roziligi bilan yo'l qo'yiladi.
Sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan og'ir yoki o'ta og'ir jinoyat yoki odam o'limiga sabab bo'lgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qo'yilgan hollarda qo'llanilishi mumkin. Mazkur qoida sudya sifatida ishlagan davrida shunday jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan sobiq sudyaga nisbatan ham qo'llaniladi.
Sudya huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan taqdirda, bu haqda ushlab turish uchun asos bo'lgan hujjatlar ko'chirma nusxalari ilova qilingan holda O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga u ushlangan paytdan e'tiboran uch soatdan kechiktirmasdan xabar qilinishi shart.
Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko'zdan kechirish, ularda tintuv o'tkazish yoki ulardan ashyoni olish, uning telefondagi so'zlashuvlarini eshitish, sudyani shaxsan ko'zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko'zdan kechirish, olib qo'yish yoxud olish faqat sudning qaroriga binoan yoki O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishlidir.
Sudda o'z vazifalarini bajarayotgan davrda xalq maslahatchilariga sudyalar daxlsizligining barcha kafolatlari tatbiq etiladi.
lex.uz’dagi asl matn«Sudlar to'g'risida»gi qonun
64-modda. Sudyaning daxlsizligi
(64-модданинг саккизинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 14 августдаги ЎРҚ-943-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 14.08.2024 й., 03/24/943/0616-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.