Quyidagi organlar soliqlarni to'lash muddatlarini o'zgartirish to'g'risida qarorlar qabul qilish vakolatiga ega organlardir (bundan buyon ushbu moddada vakolatli organlar deb yuritiladi):
1) ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 1 — 5-bandlarida ko'rsatilgan soliqlar bo'yicha — O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi (bundan ushbu qismning 3-bandida va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno). O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi ushbu Kodeksning 17-moddasida ko'rsatilgan soliqlarni, shuningdek aylanmadan olinadigan soliqni ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda mol-mulkni garovga bermagan holda, kafilliksiz yoki bank kafolatisiz bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyatini taqdim etishga (bundan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i, ijtimoiy soliq, to'lov manbaida olinadigan foyda solig'i hamda soliq agenti sifatida to'lanadigan qo'shilgan qiymat solig'i mustasno) ham haqli;
2) ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 6 — 8-bandlarida ko'rsatilgan soliqlar va aylanmadan olinadigan soliq bo'yicha — O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari. Bunday soliqlarga nisbatan to'lashni kechiktirish yoki bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyati ikki yilgacha muddatga berilishi mumkin;
3) O'zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o'tilishi munosabati bilan to'lanishi lozim bo'lgan soliqlar bo'yicha — bojxona to'g'risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda bojxona organlari (bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno).
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi soliq to'lovchiga ushbu Kodeksning 17-moddasida ko'rsatilgan har qanday soliq bo'yicha kechiktirish yoki bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyatini uch yilgacha muddatga berishga haqli. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kechiktirish yoki bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyatini berishda ushbu Kodeks 98-moddasining birinchi qismida belgilangan cheklovlardan chetga chiqishga haqli.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
99-modda. Soliqlarni to'lash muddatlarini o'zgartirish to'g'risida qaror qabul qilishga vakolatli organlar
(99-модда биринчи қисмининг 1-банди Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 14 октябрдаги ЎРҚ-722-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 15.10.2021 й., 03/21/722/0960-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.