Soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga quyidagi yerlar kiradi:
madaniyat, ta'lim, sog'liqni saqlash (bundan turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort ob'yektlari band qilgan yerlar mustasno) va ijtimoiy ta'minot ob'yektlari egallagan yerlar;
sport va jismoniy tarbiya-sog'lomlashtirish majmualari, o'quv-mashq bazalari va bolalar-sog'lomlashtirish oromgohlari egallagan yerlar;
shahar elektr transporti yo'llari va metropoliten liniyalari, shu jumladan jamoat transporti bekatlari va metropoliten stantsiyalari hamda ularning inshootlari egallagan yerlar;
aholi punktlarining suv ta'minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish inshootlari (magistral suv quvurlari, vodoprovod tarmoqlari, oqova suvlarni chiqarib yuborish kollektorlari va ularning inshootlari, nasos stantsiyalari, suv olish va tozalash inshootlari, vodoprovod va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlaridagi kuzatish quduqlari va dyukerlari, suv bosimi hosil qiladigan minoralar hamda shunga o'xshash inshootlar egallagan yerlar);
magistral issiqlik trassalari, shu jumladan nasos (ko'paytiruvchi, kamaytiruvchi, aralashtiruvchi, drenaj) stantsiyalari, issiq suv ta'minotining issiqlikni hisobga olish va nazorat qilish asboblari, isitkichlari, tsirkulyatsiya nasoslari hamda shunga o'xshash inshootlar egallagan yerlar;
ihota o'rmon daraxtzorlari egallagan yerlar. Ihota o'rmon daraxtzorlari jumlasiga quyidagilar kiradi: o'rmonlarning daryolar, ko'llar, suv omborlari va boshqa suv ob'yektlari sohillari bo'ylab o'tgan taqiqlangan mintaqalari; o'rmonlarning ovlanadigan qimmatli baliqlar uvildiriq sochadigan joylarni muhofaza qiluvchi taqiqlangan mintaqalari; eroziyadan saqlaydigan o'rmonlar; o'rmonlarning temir yo'llar va avtomobil yo'llari yoqalab o'tgan ihota mintaqalari; cho'l va chala cho'l zonalaridagi o'rmonlar; shahar o'rmonlari va o'rmon-bog'lari; shaharlar, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining ko'kalamzorlashtirilgan zonalari atrofidagi o'rmonlar; suv ta'minoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi o'rmonlar; kurort tabiiy hududlarni sanitariya jihatidan muhofaza qilish tegrasidagi o'rmonlar; alohida qimmatga ega bo'lgan o'rmonlar; ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan o'rmonlar;
suvni tejaydigan (tomchilatib, yomg'irlatib, diskret va boshqa) sug'orish texnologiyalari joriy etilgan yerlar — suvni tejaydigan sug'orish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan e'tiboran besh yil muddatga. Ushbu imtiyoz suvdan foydalanish va suv iste'moli sohasidagi vakolatli organning xulosasi asosida beriladi. Agarda suvni tejaydigan sug'orish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan boshlab besh yil davomida foydalanishga yaroqsiz bo'lgan yoki demontaj qilingan bo'lsa, soliq imtiyozi butun soliq davri uchun soliqni to'lash bo'yicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi;
qishloq xo'jaligi maqsadlari uchun yangi o'zlashtirilayotgan yerlar — vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, ularni o'zlashtirish ishlari bajariladigan davrda va ular o'zlashtirilgan vaqtdan e'tiboran besh yil mobaynida;
melioratsiya ishlari amalga oshirilayotgan mavjud sug'oriladigan yerlar — vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan loyihaga muvofiq, ishlar boshlanganidan e'tiboran besh yil muddatga;
ilmiy tashkilotlarning, qishloq xo'jaligi va o'rmon xo'jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda o'quv yurtlariga qarashli tajriba, eksperimental va o'quv-tajriba xo'jaliklarining bevosita ilmiy hamda o'quv maqsadlari uchun foydalaniladigan qishloq xo'jaligi ahamiyatiga molik bo'lgan yerlar va o'rmon fondining yerlari. Ushbu xatboshiga muvofiq ilmiy tajribalar, eksperimental ishlar, yangi navlarning selektsiyasi o'tkazilishi uchun hamda mavzulari tasdiqlangan boshqa ilmiy va o'quv maqsadlari uchun foydalaniladigan ekinlar hamda daraxtzorlar egallagan yer uchastkalari soliq to'lashdan ozod qilinadi.
qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruktsiyalari, shuningdek ularga o'rnatilgan hamda ularning ajralmas qismi bo'lgan konstruktsiyalar egallagan yer uchastkalari;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy quvvati quyidagicha bo'lgan alohida turuvchi qurilmalari bilan band bo'lgan yer uchastkalari:
100 kVtgacha — qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari foydalanishga topshirilgan oydan e'tiboran uch yil muddatga, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam bo'lmagan quvvatga ega elektr energiyasini to'plash tizimi mavjud bo'lgan quyosh panellari o'rnatilganda esa — ushbu panellar foydalanishga topshirilgan oydan e'tiboran o'n yil muddatga;
100 kVt va undan ko'proq — ular foydalanishga topshirilgan oydan e'tiboran o'n yil muddatga.
Yangi barpo etilayotgan bog'lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yer uchastkalari (daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo'jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat'i nazar) uchun besh yil muddatga 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi bo'yicha soliq to'lanadi. Bunda vakolatli organ tomonidan bog'lar va tokzorlarni iqtisodiy jihatdan samarasiz va hosildorligi past deb topish to'g'risidagi xulosa berilgan kundan e'tiboran o'n ikki oy ichida yangi bog'lar va tokzorlar barpo etilmagan yer uchastkalariga nisbatan soliq stavkasi uch baravar miqdorda oshirilgan holda belgilanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko'rsatilgan soliq imtiyozi muddatini hisoblash kuzda yangi o'tqazilgan ko'chatlar uchun keyingi yilning 1 yanvaridan e'tiboran, bahorda yangi o'tqazilgan ko'chatlar uchun esa joriy soliq davrining 1 yanvaridan e'tiboran boshlanadi.
Ushbu moddada belgilangan soliq imtiyozlari bevosita mo'ljallanilgan maqsadda foydalanilmayotgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
428-modda. Soliq imtiyozlari
(428-модда биринчи қисмининг ўн биринчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 17 апрелдаги ЎРҚ-1131-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 18.04.2026 й., 03/26/1131/0377-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 19 июль)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.