Soliq kodeksi

270-modda. Asosiy vositalarning ayrim ob'yektlari, ko'chmas mulk ob'yektlari va nomoddiy aktivlar bo'yicha hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish

Ushbu Kodeksning 266-moddasi uchinchi va to'rtinchi qismlarida ko'rsatilgan ob'yektlar bo'yicha hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summasiga ushbu Kodeksning 267-moddasiga muvofiq ob'yektlardan kelgusida foydalanilgan taqdirda tuzatish kiritilishi lozim, bundan to'liq amortizatsiya qilingan yoki ishga tushirilgan paytidan e'tiboran o'n yildan ortiq vaqt o'tgan ob'yektlar mustasno. Soliqqa tuzatish kiritish summasi ushbu ob'yektlar bo'yicha ilgari hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summasidan kelib chiqqan holda, ularning bunday tuzatish kiritilayotgan sanadagi (qayta baholash hisobga olinmagan holdagi) balans (qoldiq) qiymatiga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi. Bunda soliqqa tuzatish kiritish summasi mazkur ob'yektlar balans qiymatining ko'payishiga olib boriladi. Agar ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan ob'yektdan kelgusida soliq to'lovchi tomonidan ushbu bo'limga muvofiq soliq solinishi lozim bo'lgan tovarlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish (xizmatlar ko'rsatish) uchun yangidan foydalanilsa, soliq to'lovchi tuzatish kiritishga va hisoblab chiqarilgan soliq summasini ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilganiga o'xshash tartibda hisobga olish uchun qabul qilishga haqli. Ushbu Kodeksning 266-moddasi birinchi qismi 1-bandida ko'rsatilgan ob'yektlar bo'yicha hisobga olish uchun qabul qilinmagan soliq summasi, agar soliq to'lovchi tomonidan keyinchalik bunday ob'yektlardan ushbu Kodeksning 267-moddasi birinchi qismi 1-bandida ko'rsatilgan maqsadlar uchun foydalanilsa, hisobga o'tkazilishi lozim, bundan to'liq amortizatsiya qilingan yoki ishga tushirilgan paytidan e'tiboran o'n yildan ortiq vaqt o'tgan ob'yektlar mustasno. Ushbu moddaning to'rtinchi qismiga muvofiq soliqqa tuzatish kiritish summasi ilgari mazkur ob'yektlar qiymatiga kiritilgan soliq summasidan kelib chiqqan holda, ularning tegishli soliq summasini o'z ichiga oladigan, bunday tuzatish kiritilgan sanadagi (qayta baholash hisobga olinmagan holdagi) balans (qoldiq) qiymatiga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi. Ushbu qismga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliqqa tuzatish kiritish summasi ushbu Kodeksning 266-moddasi uchinchi qismida belgilangan tartibda hisobga o'tkazilishi lozim. Agar ushbu moddaning to'rtinchi qismida ko'rsatilgan ob'yektdan keyinchalik realizatsiya qilinishi soliq solishdan ozod etilgan tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar ko'rsatish) uchun yangidan foydalanilsa, soliq to'lovchi hisobga o'tkaziladigan soliq summasiga tuzatish kiritishni amalga oshirish hamda ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibga o'xshash tartibda hisoblab chiqarilgan soliq summasini tiklashi kerak. Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan ob'yektdan realizatsiyasiga soliq solinadigan tovarlarni (xizmatlarni) ham, soliq solishdan ozod qilingan tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlarni ko'rsatish) uchun ham foydalanilgan taqdirda, tiklanishi lozim bo'lgan soliq summasi ko'rsatilgan ob'yekt bo'yicha hisobga olish uchun qabul qilingan, ob'yektning bunday tuzatish kiritilgan sanadagi balans (qoldiq) qiymatiga (qayta hisoblashni hisobga olmagan holda) to'g'ri keladigan soliq summasining qismi sifatida aniqlanadi. Mazkur qism soliq solishdan ozod qilingan realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining joriy kalendar yili davomida o'sib boruvchi yakun bilan aniqlanadigan realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) umumiy qiymatining ulushiga mutanosib ravishda belgilanadi. Agar ushbu moddaning to'rtinchi qismida ko'rsatilgan ob'yektdan kelgusida ham realizatsiya qilish aylanmasi soliq solishdan ozod qilinadigan, ham realizatsiya qilish aylanmasiga soliq solinadigan tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar ko'rsatish) uchun foydalanilsa, hisobga olinmaydigan soliq summasi quyidagi tartibda aniqlanadi: 1) ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan tartibga o'xshash tartibda hisoblab chiqarilgan, ob'yektning balans (qoldiq) qiymatida hisobga olingan soliq summasi ajratiladi; 2) ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan tartibga muvofiq hisobga olinmaydigan, soliq solishdan ozod qilingan aylanmaga to'g'ri keladigan soliq summasining ajratilgan qismi aniqlanadi. Qoldiq summa ushbu bobga muvofiq hisobga olinadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.