Soliq kodeksi

22-modda. Soliq to'lovchilarning majburiyatlari

(22-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 21 августдаги ЎРҚ-1083-сонли Қонунига асосан тўртинчи ва бешинчи қисмлар билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 22.08.2025 й., 03/25/1083/0769-сон)

Soliq to'lovchilar: belgilangan soliqlar va yig'imlarni o'z vaqtida hamda to'liq hajmda hisoblab chiqarishi va to'lashi; hujjatlarni ko'rib chiqish yoki tushuntirishlar berish zaruriyati to'g'risida chaqiruv xatini olganida soliq organiga kelishi; tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda xaridorga hisobvaraq-fakturalarni, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni berishi; soliq tekshiruvini o'tkazayotgan soliq organlarining mansabdor shaxslariga soliqlarni hisoblab chiqarish va to'lash uchun asos bo'lib xizmat qiladigan hujjatlar, shuningdek elektron manbalarda saqlanadigan tegishli axborot bilan tanishish imkoniyatini ta'minlashi; soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarishi, ko'rsatilgan organlarning va ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga to'sqinlik qilmasligi; agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, soliq hisobotlarining va soliqlarni hisoblab chiqarish hamda to'lash uchun zarur bo'lgan boshqa hujjatlarning tegishli soliqlarni to'lash uchun belgilangan kalendar yildan keyingi uch yil mobaynida but saqlanishini ta'minlashi; o'zi soliq bo'yicha hisobga olingan joydagi soliq organlarini O'zbekiston Respublikasi yuridik shaxslaridagi va chet el yuridik shaxslaridagi ishtiroki to'g'risida, agar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi 10 foizdan ortiq bo'lsa, xabardor etishi shart. Yuridik shaxs bo'lgan soliq to'lovchilar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, o'zlari hisobga olingan joydagi soliq organlariga o'zlarining barcha alohida bo'linmalari to'g'risida va alohida bo'linmalarga oid ilgari xabar qilingan ma'lumotlaridagi o'zgarishlar to'g'risida alohida bo'linma tashkil etilgan yoki mazkur ma'lumotlar o'zgartirilgan kundan e'tiboran bir oy ichida xabar qilishi shart. Ushbu Kodeks bilan zimmasiga soliq hisobotini elektron shaklda taqdim etish majburiyati yuklatilgan shaxslar soliq organlari tomonidan soliq to'g'risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadigan munosabatlardagi o'z vakolatlarini amalga oshirish chog'ida foydalaniladigan hujjatlarning soliq organidan telekommunikatsiya aloqa tarmoqlari orqali elektron shaklda olinishini ta'minlashi kerak. Chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig'iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag'larini yoki mol-mulkni quyidagi maqsadlarda olgan yuridik shaxslar tegishli soliq hisobotida, jismoniy shaxslar esa jami yillik daromad to'g'risidagi deklaratsiyada olingan pul mablag'lari yoki mol-mulki haqidagi ma'lumotni aks ettirishi shart: jamoatchilik fikrini o'rganish bo'yicha tadqiqotlar, so'rovlar o'tkazish (bundan tijorat maqsadlarida o'tkaziladigan tadqiqot va so'rovlar mustasno); ma'lumotlarni yig'ish, tahlil qilish va tarqatish (bundan ushbu faoliyat tijorat maqsadlariga qaratilgan hollar mustasno). Ushbu moddaning to'rtinchi qismida belgilangan majburiyat quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi: davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga; nodavlat notijorat tashkilotlarga; chet el diplomatik vakolatxonalariga hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar va konsullik muassasalariga; O'zbekiston Respublikasi a'zo bo'lgan xalqaro tashkilotlarning ixtisoslashtirilgan muassasalariga. Ushbu Kodeksga muvofiq soliq solish ob'yekti deb e'tirof etiladigan ko'chmas mulkka ega bo'lgan chet el yuridik shaxslari ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, ko'chmas mulk ob'yekti turgan joydagi soliq organiga ushbu chet el yuridik shaxsining ishtirokchilari to'g'risidagi ma'lumotlarni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda xabar qilishi shart. Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari ko'rsatilgan holatlarda o'z muassislari, benefitsiarlari va boshqaruvchilari haqidagi ma'lumotlarni xabar qilishi kerak. Chet el yuridik shaxsida (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasida) ushbu qismda ko'rsatilgan bir nechta mol-mulk ob'yekti mavjud bo'lgan taqdirda, ushbu shaxs tanloviga ko'ra, xabar mol-mulk ob'yektlarining biri turgan yerdagi soliq organiga taqdim etiladi. O'zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o'tilishi munosabati bilan soliqlar to'laydigan soliq to'lovchilar zimmasida O'zbekiston Respublikasining bojxona to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlar ham bo'ladi. Soliq to'lovchilarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.