Urban Planning Code

32-modda. Ob'yektlarni qabul qilish va ularni foydalanishga topshirish

Qurilishi tugallangan ob'yektni foydalanishga qabul qilish buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq to'liq tayyor bo'lganda va ijro hujjatlari, muvofiqlik deklaratsiyasi, bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi va qurilish-montaj ishlarining sifati to'g'risidagi xulosalar mavjud bo'lganda amalga oshiriladi. Davlat sirlari yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sir bilan bog'liq qurilishi tugallangan ob'yektlarni, shuningdek davlat ahamiyatiga ega ob'yektlarni qabul qilish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuziladigan davlat qabul komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda komissiya ishida buyurtmachi, ishlab chiquvchi va pudratchining vakillari majburiy tarzda ishtirok etishi kerak. Qurilishi tugallangan ob'yektni qabul qilish pudratchi va buyurtmachi o'rtasida imzolanadigan, qurilishi tugallangan ob'yektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya tuzilgan hollarda, qurilishi tugallangan ob'yektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi komissiya a'zolari, buyurtmachi, ishlab chiquvchi, pudratchi hamda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan imzolanadi. Qurilishi tugallangan ob'yektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi shakli maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi. Qurilishi tugallangan ob'yektni qabul qilish ishtirokchilarining vazifalariga quyidagilar kiradi: qurilishi tugallangan ob'yektning tayyorligini belgilash va hujjatli tasdiqlash; bajarilgan qurilish-montaj ishlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligini baholash; texnologik, muhandislik yoki boshqa uskunalarni (muhandislik tizimlarini) sinovdan o'tkazish; ob'yektning ishga tushiriladigan quvvatining (sig'imi, o'tkazuvchanligining) shaharsozlik hujjatlarida tasdiqlangan ko'rsatkichlarga muvofiqligini belgilash. Tasdiqlangan loyiha yechimlari hamda shaharsozlik normalari va qoidalari buzilishlari aniqlangan taqdirda, shuningdek texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarning salbiy xulosalari mavjud bo'lganda buyurtmachi (komissiya) pudratchi buzilishlarni bartaraf etgandan so'ng ob'yektni foydalanishga qabul qiladi. Qurilishi tugallangan ob'yektni foydalanishga topshirish hududiy inspektsiya tomonidan qurilishi tugallangan ob'yektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berilishi orqali amalga oshiriladi. Quyidagilar qurilishi tugallangan ob'yektdan foydalanishga ruxsatnoma berish uchun asos bo'ladi: qurilishi tugallangan ob'yektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi; ob'yektning ijro hujjatlari to'plami; pudratchi tomonidan berilgan muvofiqlik deklaratsiyasi; mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxs tomonidan berilgan bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi to'g'risidagi xulosa; texnik nazoratni amalga oshiruvchi shaxs tomonidan berilgan qurilish-montaj ishlarining sifati to'g'risidagi xulosa. Hududiy inspektsiya tomonidan qurilishi tugallangan ob'yektdan foydalanishga ruxsatnoma berilgan sana ob'yekt foydalanishga topshirilgan sana hisoblanadi. Qurilgan ob'yektdan qurilishi tugallangan ob'yektni topshirish-qabul qilish to'g'risidagi tasdiqlangan dalolatnomasiz va hududiy inspektsiyaning qurilishi tugallangan ob'yektdan foydalanish uchun ruxsatnomasisiz foydalanishga yo'l qo'yilmaydi. Muvofiqlik deklaratsiyasining, qurilish-montaj ishlarining sifati va bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligini to'g'risidagi xulosalarning buyurtmachiga taqdim etilishi ishlab chiquvchini, pudratchini, texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarni ob'yektni loyihalashtirish, qurish, qabul qilish va foydalanishga topshirishda bajarilgan ishlar uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi. Buyurtmachi qurilishi tugallangan ob'yektni o'z vaqtida topshirish-qabul qilish va uni foydalanishga topshirish uchun javobgar bo'ladi. Qurilishi tugallangan ob'yektni qabul qilish va uni foydalanishga topshirish bo'yicha tartib-taomillarni o'tkazish tartibi va muddatlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.