O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
O'zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi ishlab chiqilishini, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari va umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati ob'yektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilishini ta'minlaydi;
shaharlarning, shaharchalarning bosh rejalarini, bundan tasdiqlanishi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari jumlasiga kiritilgan shaharlarning bosh rejalari mustasno, hamda Toshkent shahrining markaziy qismlarini, viloyatlarning ma'muriy markazlarini, shuningdek madaniy meros ob'yektlariga ega bo'lgan shaharlarni batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati ob'yektlari uchun chegaralarni belgilash haqida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
shaharsozlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
vazirliklar va idoralar tomonidan taqdim etilgan idoraviy qurilish normalarini kelishib oladi;
shaharsozlik, arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga, ixtisoslashgan davlat ta'lim muassasalarida hamda nodavlat ta'lim tashkilotlarida ta'lim-tarbiya jarayonining darajasi va sifatini oshirishga, qurilish sohasida, shu jumladan xorijdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilarni hamda mutaxassislarni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko'maklashadi;
shaharsozlik to'g'risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, milliy standartlarga, qurilish ishlari texnologiyalariga, qurilish materiallari va buyumlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o'tkazish bo'yicha yagona siyosatni amalga oshiradi va ekspertiza xulosalarining yagona reyestrini yuritadi;
qurilishda standartlashtirish ishlarini amalga oshiradi;
davlat shaharsozlik kadastri va shaharsozlik faoliyati ob'yektlarining monitoringi yuritilishini amalga oshiradi;
aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziyalar beradi;
shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o'tkazadi;
qonun hujjatlariga muvofiq malakasi bo'lishi majburiy bo'lgan, loyihalashtirish va qurilish sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlashtiradigan yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o'tkazadi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar to'g'risida aholini muntazam ravishda xabardor qiladi;
o'z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar yuzasidan shaharsozlik faoliyati sub'yektlari o'rtasidagi kelishmovchiliklarni ko'rib chiqadi;
shaharsozlik faoliyati ob'yektlarini ro'yxatga oladi;
texnik nazoratni amalga oshirish bo'yicha buyurtmachining va mualliflik nazoratini amalga oshirish bo'yicha ishlab chiquvchining ishlarini tekshiradi, shuningdek texnik va mualliflik nazorati sifatsiz amalga oshirilgan taqdirda, ularga nisbatan javobgarlik choralarini qo'llash to'g'risida vakolatli organlarga takliflar kiritadi;
shaharsozlik sohasidagi normativ hujjatlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, qurilish materiallari va buyumlarining ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi hamda qo'llanilishini, shaharsozlik normalari va qoidalari hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari talablari chidamlilik va puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab bo'lgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi bo'lgan, ob'yektlar o'zboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni to'xtatib turadi. Qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarishni, realizatsiya qilishni hamda qo'llashni, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni tadbirkorlik sub'yektining faoliyatini to'xtatib turishga olib keladigan tarzda to'xtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog'lig'i uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bog'liq holda faoliyatni o'n ish kunidan ko'p bo'lmagan muddatga to'xtatib turish hollari mustasno;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklar to'g'risidagi ma'muriy ishlarni ko'rib chiqadi va jarima tarzidagi ma'muriy jazo beradi;
qurilishi tugallangan ob'yektlarni foydalanishga qabul qilib olish bo'yicha komissiyalar ishida ishtirok etadi;
shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishda buyurtmachiga va loyiha tashkilotlariga loyihalashtirish uchun topshiriqlar beradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn20-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi
(20-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 10 сентябрдаги ЎРҚ-960-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 11.09.2024 й., 03/24/960/0699-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.