«Notariat to'g'risida»gi qonun

34-modda. Notarial tasdiqlanadigan bitimlar, shuningdek arizalar va boshqa hujjatlarni imzolash tartibi

(34-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 17 декабрдаги ЎРҚ-1102-сонли Қонунига асосан бешинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 17.12.2025 й., 03/25/1102/1173-сон)

Notarial tasdiqlanadigan bitimlar, shuningdek arizalar va boshqa hujjatlar notarius ishtirokida imzolanadi. Bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlar taraflar tomonidan barmoq izlarini olish yo'li bilan tasdiqlanishi mumkin. Bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlarni tasdiqlash jarayoni videokonferentsaloqa orqali amalga oshirilishi mumkin. Agar fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko'ra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o'z qo'li bilan imzolay olmasa, bitim, ariza yoki boshqa hujjatni uning topshirig'iga ko'ra uning o'zi va notarius hozirligida boshqa fuqaro imzolashi mumkin, bunda notarial harakatni amalga oshirishni so'rab murojaat qilgan fuqaroning hujjatni o'z qo'li bilan imzolay olmaganligi sabablari yozib qo'yilishi lozim. Bunday hollarda notarial harakatlarni amalga oshirish chog'ida videoyozuv vositalaridan foydalaniladi. Basharti notarial idoraning yig'majildlarida korxonalar, muassasalar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining vakolatlari tekshirilganligi haqida ma'lumotlar, imzolarining shaxsan murojaat qilingan vaqtda olingan namunasi bo'lsa va ularning imzolari haqiqiyligiga shubha tug'ilmaydigan bo'lsa, notarius bu mansabdor shaxslarning o'zlari kelishini talab qilmasligi mumkin. Ijtimoiy xizmat va yordam ko'rsatish to'g'risidagi, shu jumladan ijtimoiy kartani rasmiylashtirish haqidagi arizadagi ariza beruvchining va u bilan birga yashovchi oila a'zolarining (o'z oilasiga ega bo'lmaganda ota-onasining, shuningdek o'z oilasiga ega bo'lganda erining, xotinining, o'z oilasiga ega bo'lmagan 18 yoshli va undan katta yoshli farzandlarining) imzolarini notarial shahodatlash talab etilmaydi. Mazkur arizada ijtimoiy himoya organiga ariza beruvchining va u bilan birga yashovchi oila a'zolarining (o'z oilasiga ega bo'lmaganda ota-onasining, shuningdek o'z oilasiga ega bo'lganda erining, xotinining, o'z oilasiga ega bo'lmagan 18 yoshli va undan katta yoshli farzandlarining) imzolari ularga doir bo'lgan, ushbu Qonun 6-moddasi to'rtinchi qismining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan ma'lumotlarni, shuningdek kredit axborotini, qimmatli qog'ozlar bozoridagi maxfiy axborotni va bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarni, agar bu ma'lumotlar o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo'lsa, olishga hamda ularga ishlov berishga bo'lgan roziligidir. Bunda ijtimoiy himoya organining xodimlari mazkur arizadagi imzolarning haqiqiyligi uchun javobgar bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.