Davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish davlat organining rahbari yoxud boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida maxsus tarkibiy bo'linmalar tashkil etilishi mumkin, qabul uchun mas'ul bo'lgan mansabdor shaxslar belgilanadi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvallariga muvofiq o'tkaziladi.
Qabul qilish jadvallari va uni o'tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish to'g'risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e'lon qilish, shuningdek ularning ma'muriy binosida hamma kirishi mumkin bo'lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e'tiboriga yetkaziladi.
Jismoniy shaxs og'zaki murojaat etayotganda o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa o'z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko'rsatishi kerak.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega bo'lgan ilgarigi murojaati bo'yicha qaror qabul qilingan bo'lsa va bu haqda ularga ushbu Qonunda belgilangan tartibda xabar qilingan bo'lsa, rad etilishi mumkin.
Davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi mazkur organlar rahbarlari tomonidan belgilanadi.
Davlat organlarining shaxsiy qabulni o'tkazuvchi rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari har qanday masalalar, shu jumladan o'z vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo'yicha murojaat etilganda qabulni rad etishga haqli emas, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar shaxsiy qabul davomida bayon etilgan masalalarni hal etish davlat organining vakolatlariga kirmasa, tegishli mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslar murojaat etuvchiga murojaatda bayon etilgan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish lozimligini tushuntirishi kerak.
Shaxsiy qabul davomida davlat organining rahbari qaroriga ko'ra hamda murojaat etuvchining yozma roziligi bilan maxsus texnika vositalari (audio- va video yozuv, shuningdek fotosuratga olish) qo'llanilishi mumkin.
Davlat organlarining rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida»gi qonun
8-modda. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.