«Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida»gi qonun

33-modda. Tegishli tarzda xabardor qilish

Xabarnomani topshirilganligi ma'lum qilinadigan buyurtma xat orqali yuborish yoki tilxat olib topshirish yoxud xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini ta'minlaydigan axborot tizimlaridan foydalangan holda xabardor qilish ma'muriy ish yuritishda tegishli tarzda xabardor qilish hisoblanadi. Tegishli xabarnoma manfaatdor shaxs tomonidan olingan payt xabardor qilish vaqtidir. Manfaatdor shaxslar o'z manzili o'zgarganligi to'g'risida ma'muriy organga ma'muriy ishni yuritish vaqtida ma'lum qilishi shart. Bunday ma'lumot mavjud bo'lmagan taqdirda, xabarlar ma'muriy organga ma'lum bo'lgan oxirgi manzilga yuboriladi hamda yetkazib berilgan deb hisoblanadi. Agar manfaatdor shaxslar o'z telefonlari va fakslari raqamlarini, elektron manzilini ma'muriy organga ma'lum qilgan bo'lsa, ular bu ma'lumotlar o'zgarganligi to'g'risida ma'muriy organni ma'muriy ish yuritish vaqtida yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi kerak. Xabarnomani manfaatdor shaxsga tilxat olib shaxsan topshirishning imkoni bo'lmagan taqdirda, xabarnoma u bilan birga yashaydigan voyaga yetgan oila a'zolaridan biriga yoki bunday shaxslar bo'lmasa, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organiga yoki manfaatdor shaxsning ish beruvchisiga (ta'lim muassasasi ma'muriyatiga) tilxat olib topshirilishi mumkin. Xabarnomani qabul qilgan shaxs imkoniyat bo'lishi bilan uni kechiktirmasdan manfaatdor shaxsga topshirishi shart. Xabarnomani qabul qilishni rad etgan manfaatdor shaxs tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi. Rad etish xabarnomaga belgi qo'yish orqali rasmiylashtiriladi va xabarnoma ma'muriy organga qaytariladi. Manfaatdor shaxsning xabarnomani qabul qilishni rad etganligi to'g'risidagi belgi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi yoki manfaatdor shaxsning ish beruvchisi (ta'lim muassasasi ma'muriyatining mansabdor shaxsi) tomonidan yoxud ikkitadan kam bo'lmagan fuqaroning imzosi bilan tasdiqlanadi. Tegishli tarzda xabardor qilish faktini isbotlash majburiyati ma'muriy organning zimmasida bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.