Taftish instantsiyasi sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
1) shikoyat (protest) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega bo'lmagan shaxs tomonidan berilgan bo'lsa;
2) shikoyat (protest) qonuniy kuchga kirmagan yoki qonunga muvofiq taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin bo'lmagan sud hujjati ustidan berilgan bo'lsa;
3) shikoyat (protest) Qoraqalpog'iston Respublikasi ma'muriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlariga, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko'rilmagan sud hujjati ustidan berilgan bo'lsa;
4) shikoyat (protest) O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma'muriy ishlar bo'yicha sudlov hay'atiga Qoraqalpog'iston Respublikasi ma'muriy sudida, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlarida, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudida apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko'rilmagan sud hujjati ustidan berilgan bo'lsa;
5) shikoyat (protest) ishni taftish tartibida ko'rayotgan sud tomonidan ilgari ko'rilgan sud hujjati ustidan berilgan bo'lsa;
6) shikoyatni (protestni) berish muddati o'tkazib yuborilgan va o'tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan bo'lsa;
7) taftish tartibida shikoyat (protest) bergan shaxs undan voz kechganligi, protest chaqirib olinganligi sababli shikoyat (protest) bo'yicha ish yuritishni tugatish to'g'risidagi ajrim mavjud bo'lsa, bundan Qoraqalpog'iston Respublikasi ma'muriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlarining, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudining shikoyatdan voz kechilganligi, protest chaqirib olinganligi sababli taftish tartibidagi shikoyat (protest) bo'yicha ish yuritishni tugatish to'g'risidagi ajrimi ustidan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma'muriy ishlar bo'yicha sudlov hay'atiga taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) mustasno.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish to'g'risidagi ajrimda shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari ko'rsatiladi, shikoyatni berish chog'ida to'langan davlat bojini qaytarish to'g'risidagi masala hal etiladi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish to'g'risidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) sudga dastlab murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi.
lex.uz’dagi asl matnCode of Administrative Court Procedure
256-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.