Ma'muriy javobgarlik kodeksi

299¹-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi

(299¹-модданинг тўртинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)

Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi ekspert tekshiruvlarini o'tkazib bo'lganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi. Xulosada: ekspertiza o'tkazilgan sana va joy; ekspertizani o'tkazish asosi; ekspertizani tayinlagan organ (mansabdor shaxs) to'g'risida ma'lumotlar; ekspert (familiyasi, ismi, otasining ismi, ma'lumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani o'tkazish topshirilgan tashkilot haqida ma'lumotlar; ekspertning bila turib noto'g'ri xulosa berganligi, xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo'yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to'g'risida ogohlantirilganligi; ekspertning oldiga qo'yilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish ob'yektlari va ish materiallari; ekspertiza o'tkazilayotganda hozir bo'lgan shaxslar haqida ma'lumotlar; qo'llanilgan usullar ko'rsatilgan holda ekspert tekshiruvlarining mazmuni va natijalari, shuningdek bu ekspert tekshiruvlari, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan bo'lsa, kim tomonidan o'tkazilganligi; ekspert tekshiruvi natijalarining baholanishi, qo'yilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga molik bo'lgan va ekspertning tashabbusiga ko'ra aniqlangan holatlar ko'rsatilishi lozim. Xulosada huquqbuzarlik sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishga doir tashkiliy-texnikaviy tavsiyalar ko'rsatilgan bo'lishi mumkin. Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi bo'lib xizmat qiladi. Ekspert tekshiruvining olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan organning (mansabdor shaxsning) talabiga binoan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishga qo'shib qo'yish uchun taqdim etiladi. Agar taqdim etilgan tekshirish ob'yektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi ekspert tekshiruvi davomida ma'lum bo'lib qolsa, xulosa ayrim qo'yilgan savollarga javob berishni rad etish asosini o'z ichiga olgan bo'lishi lozim. Ekspert tekshiruvi tugaganidan so'ng xulosa, tekshirish ob'yektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan organga (mansabdor shaxsga) yuboriladi. Xulosa ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni yuritayotgan organ (mansabdor shaxs) uchun majburiy emas, biroq uning xulosaga qo'shilmasligi asoslantirilgan bo'lishi kerak. Agar ekspert qo'yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo'lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish ob'yektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to'ldirib bo'lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo'yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo'qligi to'g'risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan organga (mansabdor shaxsga) yuboradi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.