Xodimlar o'z huquqlari va manfaatlarini biror-bir farqqa qaramasdan ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda o'z xohishiga ko'ra va oldindan ruxsat olmasdan kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga a'zo bo'lish huquqiga ega.
Ijtimoiy sheriklikning tegishli darajalarida kasaba uyushmalari mavjud bo'lmagan taqdirda, xodimlar o'z manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishni ta'minlash uchun boshqa birlashmalar tuzishga haqlidir.
Kasaba uyushmalariga yoxud xodimlarning boshqa birlashmalariga mansublik yoki mansub emaslik fuqarolarning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan kafolatlangan mehnat huquqlarini hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquqlari va erkinliklarini biror-bir tarzda cheklashga sabab bo'lmaydi.
Kasaba uyushmalarining yoki xodimlar boshqa birlashmalarining barcha a'zolari ushbu Kodeksda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, kasaba uyushmalarining yoki xodimlarning boshqa birlashmalari ustavlarida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan o'z huquq va majburiyatlari borasida tengdir.
Ishga qabul qilishni, xodim uchun ehtimol tutilgan imtiyozlar va preferentsiyalarni, shu jumladan ustamalarni, mukofot pullarini, ishda yuqori martabaga ko'tarilishni, shuningdek mehnat shartnomasining bekor qilinishini muayyan kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning boshqa birlashmasiga mansublik yoki mansub emaslik, unga a'zo bo'lish yoxud undan chiqish bilan bog'lash taqiqlanadi.
Kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga mansubligi yoki mansub emasligi belgisi bo'yicha o'zini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitilganlik fakti ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Kamsitilgan shaxsning kamsitishni bartaraf etish, buzilgan huquqini tiklash va o'ziga yetkazilgan moddiy zararning o'rnini qoplash va ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish to'g'risidagi talablari sud tartibida hal etiladi.
Xodimlarning birlashish huquqini amalga oshirishga monelik qilishga, shuningdek ularni kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga a'zo bo'lishga majburlashga yo'l qo'yilmaydi.
Xodimning kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga a'zo bo'lmaslik to'g'risidagi yozma yoki og'zaki majburiyatlari haqiqiy emasdir.
lex.uz’dagi asl matnMehnat kodeksi
37-modda. Xodimlarning birlashish huquqi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.