«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

40-modda. Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari

Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari ushbu Qonunga muvofiq jamiyatning ustavi bilan belgilanadi. Jamiyatning ustavida jamiyatning ijro etuvchi organlarini tuzish, ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, ichki audit xizmatini tashkil etish va uning xodimlarini tayinlash, ushbu Qonunning 50-moddasida nazarda tutilgan hollarda yirik bitimlar tuzish to'g'risidagi masalalarni hal qilish, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishiga tayyorgarlik ko'rish, uni chaqirish va o'tkazish bilan bog'liq masalalarni hal qilish, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal etish jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga kiritilishi nazarda tutilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishiga tayyorgarlik ko'rish, uni chaqirish va o'tkazish bilan bog'liq masalalarni hal qilish jamiyatning ustavi bilan jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga kiritilgan bo'lsa, jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig'ilishi o'tkazilishini talab qilish huquqiga ega bo'ladi. Jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish va uning faoliyati tartibi, shuningdek jamiyat kuzatuv kengashi a'zolarining vakolatlarini va jamiyat kuzatuv kengashi raisining vakolatini tugatish tartibi jamiyatning ustavi bilan belgilanadi. Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi hamda kollegial ijro etuvchi organining, uning shu'ba va qaram xo'jalik jamiyatlari boshqaruv organlarining a'zolari hamda ayni shu shu'ba, qaram xo'jalik jamiyatlarida mehnat shartnomasi (kontrakt) bo'yicha ishlayotgan shaxslar jamiyat kuzatuv kengashining a'zosi bo'lishi mumkin emas. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qaroriga binoan jamiyat kuzatuv kengashining a'zolariga haq to'lanishi va (yoki) ularning o'z majburiyatlarini bajarishi bilan bog'liq xarajatlarining o'rni qoplanishi mumkin. Haqlar va tovonlarning miqdorlari jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qarori bilan belgilanadi. Jamiyat kuzatuv kengashining a'zolari, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs va jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining jamiyat ishtirokchilari bo'lmagan a'zolari jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin. Jamiyat kuzatuv kengashi a'zosining ovoz berish huquqini o'zga shaxslarga, shu jumladan kuzatuv kengashining boshqa a'zolariga o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi. Jamiyat kuzatuv kengashining majlisini o'tkazish uchun kvorum jamiyat ustavida belgilanadi, biroq u jamiyatning kuzatuv kengashiga saylangan a'zolarning yetmish besh foizidan kam bo'lmasligi kerak. Agar jamiyat ustavida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo'lsa, jamiyat kuzatuv kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yo'li bilan (so'rov yo'li bilan) jamiyat kuzatuv kengashi a'zolarining uchdan ikki qismining (malakali ko'pchilikning) ovozi bilan qabul qilinishi mumkin. Bunday ovoz berish pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki uzatib beriladigan hamda qabul qilinadigan xabarlarning to'g'ri bo'lishini va ularning hujjatlar bilan tasdiqlanishini ta'minlovchi boshqa aloqa vositasida hujjatlarni ayirboshlash yo'li bilan o'tkazilishi mumkin. Sirtdan (so'rov yo'li bilan) ovoz berish imkoniyatini yaratish majburiyatlari ushbu Qonun 37-moddasining to'rtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga asosan amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.