Litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat quyidagi hollarda bekor qilinadi:
litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish to'g'risida ariza bilan murojaat etganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan e'tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e'tiboran, bundan uning o'zgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro'yxatidan o'tkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini yoki harakatlarni (faoliyatni) amalga oshirish uchun litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat mavjud bo'lgan taqdirda qo'shib yuborilishi mustasno;
yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda;
jismoniy shaxsning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
litsenziya berilganligi uchun davlat boji yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganligi uchun yig'im belgilangan muddatda to'lanmaganda;
litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turishiga olib kelgan holatlarni vakolatli organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
vakolatli organning litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to'g'risidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) buzilganda;
litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari bir marotaba qo'pol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog'lig'iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo'lsa. Litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning bekor qilinishiga asos bo'ladigan qo'pol qoidabuzarliklarning ro'yxati faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o'tish tartibi to'g'risidagi nizomlarda, shuningdek ularning pasportlarida belgilanadi;
litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Ushbu modda birinchi qismining to'qqizinchi — o'n birinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun bir yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik sub'yektining muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko'rsatilgan holda avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish ushbu modda birinchi qismining uchinchi — oltinchi xatboshilarida ko'rsatilgan hollarda vakolatli organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat ushbu modda birinchi qismining yettinchi — o'n birinchi xatboshilarida ko'rsatilgan hollarda sud tomonidan bekor qilinadi. Vakolatli organ litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish to'g'risida sudga ariza bilan murojaat qilingan kundan e'tiboran bir ish kunidan kechiktirmay litsenziatga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxsga maxsus elektron tizim vositasida elektron shaklda, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish haqida ariza bilan sudga murojaat qilish asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini ko'rsatgan holda yetkazadi.
Litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat ushbu modda birinchi qismining o'n birinchi xatboshisida ko'rsatilgan asosga ko'ra bekor qilingan taqdirda, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat ular berilgan sanadan e'tiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Sudning litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish to'g'risidagi qarori litsenziatga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxsga hamda vakolatli organga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Vakolatli organ litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish to'g'risidagi qarori qabul qilingan kundan e'tiboran bir ish kunidan kechiktirmay litsenziatga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxsga maxsus elektron tizim vositasida elektron shaklda, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini ko'rsatgan holda yetkazadi.
Vakolatli organ bekor qilingan litsenziyalar yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar to'g'risidagi axborotni bir ish kuni ichida maxsus elektron tizim vositasida tegishincha litsenziyalar reyestriga yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar reyestriga kiritadi.
lex.uz’dagi asl matn«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to'g'risida»gi qonun
33-modda. Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish
(33-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 27 ноябрдаги ЎРҚ-1099-сонли Қонунига асосан учинчи қисми билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.11.2025 й., 03/25/1099/1104-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 1 март)
Oddiy tilda
**Nimani anglatadi**
Litsenziya yoki ruxsat etish hujjati bekor qilinishi — bu davlat tomonidan berilgan faoliyat amalga oshirish huquqining to'xtatilishi. Bu qonuniy asoslar bo'yicha sodir bo'ladi: shaxsning o'zi so'rasa, yuridik shaxs tugatilsa, davlat boji to'lanmasa yoki talabalar muntazam ravishda buzilsa.
**Kimga tegishli**
Bu qonun litsenziya yoki ruxsat hujjati olgan har qanday shaxs, tadbirkor va tashkilotlarga tegishli.
**Amalda**
Dori sotuvchi apteka o'z xodimining xatosi tufayli soxta dori sotdi. Vakolatli organ bu qo'pol qoidabuzarlikni aniqladi va sudga murojaat qiladi. Sud aptekaning litsenziyasini bekor qiladi va u yana bir yil davomida dori sotuvchi bo'la olmaydi.
Izoh sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan, rasmiy sharh emas.
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.