Jinoyat-protsessual kodeksi

521³-modda. Jinoyat ishini Qoraqalpog'iston Respublikasi sudida, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarida, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida ko'rish tartibi

Jinoyat ishi Qoraqalpog'iston Respublikasi sudida, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarida, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida ko'rilayotganda sud majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning shikoyati, protesti (xususiy shikoyati, xususiy protesti) bo'yicha ko'rilayotganligini e'lon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining, shuningdek agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, tarjimonning familiyasini, ismini va otasining ismini ma'lum qiladi. Raislik qiluvchi hozir bo'lgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar hamda iltimosnomalar bor-yo'qligini, taftish tartibidagi shikoyatda, protestda (xususiy shikoyatda, xususiy protestda) bayon etilgan iltimosnomalarni ular quvvatlashi-quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimosnomalar mavjud bo'lgan taqdirda sud ular bo'yicha ajrim chiqaradi. Ishni ko'rish sudyalardan biri tomonidan birinchi instantsiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudi hukmining, ajrimining, taftish tartibida berilgan shikoyatning, protestning (xususiy shikoyatning, xususiy protestning) mazmunini qisqacha bayon etish bilan boshlanadi. Sudyaning ma'ruzasidan keyin sud taftish tartibida shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) bergan tarafning ma'ruzasini va boshqa tarafning e'tirozlarini eshitadi. Bir nechta shikoyat (xususiy shikoyat) mavjud bo'lgan taqdirda so'zga chiqish navbati taraflarning fikrlari hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Agar berilgan taftish tartibidagi shikoyatlar (xususiy shikoyatlar) bilan bir qatorda prokurorning taftish tartibida bildirilgan protesti (xususiy protesti) mavjud bo'lsa, so'z birinchi navbatda unga beriladi. Taftish instantsiyasi sudining majlisida ishtirok etayotgan prokuror ko'rib chiqilayotgan taftish shikoyatlari (xususiy shikoyatlar) yuzasidan fikrini bildiradi, protestda (xususiy protestda) ko'rsatilgan vajlarni bayon etadi. Sud taraflarning fikrlarini eshitib, birinchi instantsiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudlari hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi lozim darajada tekshirilishini ta'minlash zaruratidan kelib chiqib, bevosita sud majlisida tekshirilishi lozim bo'lgan dalillar hajmini aniqlash to'g'risida, sud majlisiga mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni va, zarurat bo'lganda, boshqa shaxslarni chaqirish haqida qaror qabul qiladi. Shundan keyin sud sudning majlisiga chaqirilgan mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchilarni, guvohlarni so'roq qilish yo'li bilan dalillarni tekshirishga, shuningdek taraflarning iltimosnomasiga ko'ra hamda o'z tashabbusi bilan hujjatlarni, bayonnomalarni va ishga aloqador boshqa materiallarni o'qib eshittirishga kirishadi. Dalillarni tekshirish tartibi taraflarning fikrlari inobatga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Taraflar taftish instantsiyasi sudiga taftish tartibida berilgan shikoyatda, protestda (xususiy shikoyatda, xususiy protestda) keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki inkor etib, qo'shimcha materiallar taqdim etishga haqli. Birinchi instantsiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudida so'roq qilingan guvohlar, agar sud zarur deb topsa, ishni taftish tartibida ko'rish chog'ida so'roq qilinadi. Taraflarning dalillarni, shu jumladan birinchi instantsiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirish to'g'risidagi va sud majlisiga guvohlarni, ekspertlarni hamda boshqa shaxslarni chaqirish haqidagi iltimosnomalari ushbu Kodeks 438-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi. Bunda sud iltimosnomani qanoatlantirishni faqat u birinchi instantsiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudi tomonidan qanoatlantirilmaganligiga asoslanib rad etishga haqli emas. Birinchi instantsiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar (yangi dalillar) sud tomonidan qabul qilinadi, bunda ularni tekshirish to'g'risida iltimosnoma bergan shaxs bu dalillarni o'ziga bog'liq bo'lmagan qanday sabablarga ko'ra birinchi instantsiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudiga taqdim etish imkoniyati bo'lmaganligini tushuntirib berishi kerak. Ishni taftish tartibida ko'rayotgan sud dalillarni tekshirishga, shu jumladan videokonferentsaloqa tizimidan foydalangan holda tekshirishga haqli. Sud tergovi tugallangach, sud taraflardan ularda sud tergoviga qo'shimcha qilish yuzasidan iltimosnomalari bor-yo'qligini surishtiradi. Sud bu iltimosnomalarni hal etadi, shundan keyin taraflarning muzokaralariga o'tadi. Sud muzokaralari ushbu Kodeks 449-moddasining qoidalari asosida o'tkaziladi, bunda shikoyat (protest) bergan shaxs birinchi bo'lib so'zga chiqadi. Taraflarning muzokaralari tamom bo'lganidan keyin raislik qiluvchi mahkumga (oqlangan shaxsga), agar u sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, oxirgi so'z beradi, shundan keyin sud qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi. Ishni taftish tartibida ko'rayotgan sudning qarori ushbu Kodeksning 497³¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi. Taftish instantsiyasi sudining qarorini e'lon qilish ushbu Kodeksning 473, 497³¹-moddalari qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Taftish instantsiyasi sudida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi. Sud majlisining bayonnomasi ushbu Kodeksning 426-moddasida ko'rsatilgan muddatlarda tayyorlanishi kerak. U bilan sud majlisining barcha ishtirokchilari tanishishga haqli. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan ushbu Kodeksning 427-moddasida nazarda tutilgan tartibda mulohazalar bildirilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.