Jinoyat-protsessual kodeksi

39¹-modda. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar

(39¹-модда биринчи қисмининг 9-банди Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 17 апрелдаги ЎРҚ-1131-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 18.04.2026 й., 03/26/1131/0377-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 19 июль)

Tergovga qadar tekshiruv quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi: 1) ichki ishlar organlari; 2) harbiy qismlar, qo'shilmalarning komandirlari, harbiy muassasalar va harbiy o'quv yurtlarining boshliqlari — ularga bo'ysunuvchi harbiy xizmatchilar, shuningdek o'quv mashqlari o'tkazilayotgan vaqtda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga doir ishlar bo'yicha; O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari xodimlarining xizmat majburiyatini bajarish bilan bog'liq jinoyatlari yoki qism, qo'shilma, muassasa yoxud o'quv yurti joylashgan yerda sodir etgan jinoyatlariga doir ishlar bo'yicha; 3) davlat xavfsizlik xizmati organlari — qonunga ko'ra ularning yuritishiga berilgan ishlar bo'yicha; 4) O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish tizimini boshqarish organlarining boshliqlari, jazoni ijro etish koloniyalari, tarbiya koloniyalari, tergov hibsxonalari hamda turmalarning boshliqlari — shu muassasalar xodimlari xizmatni o'tashning belgilangan tartibiga qarshi qilgan jinoyatlarga doir ishlar, xuddi shuningdek mazkur muassasalar hududida sodir etilgan boshqa jinoyatlarga doir ishlar bo'yicha; 5) davlat yong'indan nazorat qilish organlari — yong'inlarga doir va yong'inga qarshi qoidalarni buzganlikka doir ishlar bo'yicha; 6) O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo'shinlari — O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini buzganlikka doir ishlar bo'yicha; 7) olis safarda bo'lgan dengiz kemalarining kapitanlari; 8) davlat bojxona xizmati organlari — bojxona to'g'risidagi qonunchilikni buzganlikka doir ishlar bo'yicha; 9) O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning hududiy bo'linmalari — ularning yurituviga taalluqli ishlar bo'yicha; 10) O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning joylardagi bo'linmalari — voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, ota-onani moddiy ta'minlashdan bo'yin tovlashga, sud hujjatini ijro etmaslikka, sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashishga, band solingan mol-mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etishga doir ishlar bo'yicha; 11) O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasining Chakana savdo va xizmat ko'rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo'limlari — bozorlar, savdo komplekslari hududlarida va ularga tutash bo'lgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida aniqlangan moliyaviy-iqtisodiy va soliq sohalaridagi huquqbuzarliklarga doir ishlar bo'yicha. 13) O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va uning joylardagi bo'linmalari — qonun bilan ularning ish yuritishiga berilgan ishlar bo'yicha. 14) O'zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati — uning yurituviga taalluqli ishlar bo'yicha. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar zimmasiga zarur choralar ko'rish vazifasi, shu jumladan jinoyat alomatlarini va jinoyat sodir etgan shaxslarni topish, ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq tekshirib chiqilganidan so'ng jinoyat ishi yuzasidan dalil tariqasida foydalanish mumkin bo'lgan ma'lumotlarni aniqlash maqsadida ilmiy-texnika vositalaridan foydalangan holda, zarur choralar ko'rish vazifasi yuklatiladi. Ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, davlat bojxona xizmati organlari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ularning joylardagi bo'linmalari shu maqsadda tezkor-qidiruv tadbirlarini o'tkazishga haqli. Tezkor-qidiruv faoliyatini o'tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.