Jinoyat-protsessual kodeksi

382-modda. Prokurorning vakolatlari

(382-модда учинчи қисмининг тўққизинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 15 августдаги ЎРҚ-1081-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 15.08.2025 й., 03/25/1081/0738-сон)

Surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini yuritishda qonunlarning ijro etilishi ustidan nazorat prokuror tomonidan amalga oshiriladi. Jinoyat sodir etilgani to'g'risidagi ariza va xabarlarni ko'rish hamda hal qilish, tekshirishni amalga oshirishning ushbu Kodeksda belgilangan tartibi, chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi surishtiruv va dastlabki tergov organlarining qonunlarning ijro etilishi ustidan olib boradigan nazoratining sohasidir. Surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirib, prokuror o'z vakolati doirasida: surishtiruv va dastlabki tergov organlaridan hamda tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlardan ishlarni tekshirish uchun, sodir etilgan jinoyatlarga oid tezkor-qidiruv, surishtiruv, dastlabki tergov ishlarining borishiga doir hujjatlarni, materiallarni va boshqa ma'lumotlarni talab qilib oladi; sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlar haqidagi ariza va ma'lumotlarni qabul qilish, ro'yxatdan o'tkazish va hal etish to'g'risidagi qonun talablari qay darajada ijro etilayotganligini har oy kamida bir marta tekshiradi; surishtiruvchilar va tergovchilarning shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining qonunga xilof hamda asossiz qarorlarini bekor qiladi; jinoyatlarni tergov qilish, ehtiyot chorasini tanlash, o'zgartirish yoki bekor qilish, uy qamog'i bo'yicha qo'shimcha taqiq (cheklov) belgilash haqida iltimosnoma qo'zg'atish jinoyat tavsifini belgilash, ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish, ayrim tergov harakatlarini bajarish va jinoyat sodir etgan shaxslarni qidirish to'g'risida yozma ko'rsatmalar beradi; qamoqqa olish yoki uy qamog'i tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash yoxud uy qamog'i bo'yicha qo'shimcha taqiq (cheklov) belgilash to'g'risida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi yoxud qamoqda saqlab turish yoki uy qamog'i muddatini uzaytirish to'g'risida sudga iltimosnoma kiritadi; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to'g'risida, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi yoxud ayblanuvchining tibbiy muassasada bo'lishi muddatini uzaytirish to'g'risida sudga iltimosnoma kiritadi; amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo'zg'atishni rad qilish haqida yoki jinoyat ishini tugatish to'g'risida sudga iltimosnoma kiritadi; murdani eksgumatsiya qilish to'g'risida, pochta-telegraf jo'natmalarini xatlash to'g'risida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to'xtatib turish to'g'risida yoki O'zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash haqida sudga iltimosnoma kiritadi yoxud iltimosnomaga rozilik beradi; tintuv o'tkazish haqida, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so'zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqida, mol-mulkni xatlash to'g'risida sudga iltimosnoma kiritadi yoki iltimosnomaga rozilik beradi; guvohlarning va jabrlanuvchilarning (fuqaroviy da'vogarning) ko'rsatuvlarini oldindan mustahkamlab qo'yish to'g'risida sudga iltimosnoma kiritadi; gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi bilan aybga iqrorlik to'g'risida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda kelishuv tuzadi; tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga shaxslarni ushlash, majburiy keltirish, qidirish haqidagi qarorlar, sudning qamoqqa olish yoki uy qamog'i tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash to'g'risidagi ajrimini ijro etishni, shuningdek prokuror yoki prokuratura tergovchisi yurituvidagi ishlar yuzasidan jinoyatlarni ochish va jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash uchun zarur choralarni ko'rish to'g'risida ko'rsatmalar beradi; surishtiruvda, dastlabki tergovda ishtirok etadi hamda zarur hollarda, ushbu Kodeksga muvofiq har qanday ish bo'yicha ayrim tergov harakatlarini shaxsan bajaradi yoki tergovni to'liq amalga oshiradi; uy-joy daxlsizligi, yozishmalar, telefon orqali so'zlashuvlar hamda boshqa so'zlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kuryerlik jo'natmalari va telegraf xabarlari sir saqlanishi huquqlarini cheklovchi hamda abonentlar yoki abonent qurilmalari o'rtasidagi bog'lanishlar haqida axborot olishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarini o'tkazishga, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining hamda tergovchining boshqa harakatlariga ruxsat beradi; dastlabki tergov va surishtiruv muddatlarini ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda uzaytiradi; ishlarni surishtiruv va dastlabki tergov organlariga qo'shimcha tergov o'tkazish to'g'risidagi o'z ko'rsatmalari bilan qaytaradi; jinoyat ishini prokuraturaning bir tergovchisidan boshqasiga, ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda esa, bir dastlabki tergov va surishtiruv organidan boshqa dastlabki tergov va surishtiruv organiga o'tkazadi; surishtiruvchini yoki tergovchini, basharti ular ishning tergovi chog'ida qonun buzilishiga yo'l qo'ygan bo'lsalar, surishtiruv yoxud dastlabki tergov ishlarini davom ettirishdan chetlatadi; jinoyat ishlari qo'zg'atadi yoki ularni qo'zg'atishni rad etadi, ishlarni tugatadi yoxud yuritilishini to'xtatadi; qonunda nazarda tutilgan hollarda tergovchi yoki surishtiruvchining ishni tugatishiga rozilik beradi; ayblov xulosasi, ayblov dalolatnomasi yoki qarorini tasdiqlaydi, ishlarni sudga yuboradi. Prokurorning ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibga muvofiq surishtiruv va dastlabki tergov organlariga hamda tergovga qadar tekshiruvni yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga tergovga qadar tekshirish o'tkazish, ishlarni qo'zg'atish va tergov qilish bilan bog'liq bo'lgan ko'rsatmalari ana shu organlar uchun majburiydir.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.