Jinoyat-protsessual kodeksi

290-modda. Mol-mulkni xatlash asoslari va tartibi

(290-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 28 январдаги ЎРҚ-1022-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 29.01.2025 й., 03/25/1022/0083-сон)

Hukmning fuqaroviy da'voga va boshqa mulkiy undirishlarga doir qismining ijrosini ta'minlash uchun surishtiruvchi, tergovchi yoki sud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlashi shart. Ashyoviy dalil deb e'tirof etilgan mol-mulkni o'zlashtirishning, xarj qilib yuborishning, yashirishning, yo'q qilib tashlashning yoki shikastlantirishning oldini olish maqsadida ushbu mol-mulk ham xatlanadi. Shu maqsadda tergovchi yoki surishtiruvchi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va fuqaroviy javobgarning mol-mulkini xatlash haqida iltimosnoma qo'zg'atish to'g'risida qaror chiqarib, unda mazkur protsessual harakatni o'tkazish asoslarini bayon etadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgar oilasining normal turmushini ta'minlash uchun zarur bo'lgan uy-joy, kvartira, uy anjomlari va jihozlari, kiyim va boshqa buyumlar xatlanmaydi. Turar joylar yoki yashash uchun mo'ljallanmagan joylar, mulk shaklidan qat'i nazar, davlatga xoinlik qilish, konstitutsiyaviy tuzumga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish, terrorizm, qo'poruvchilik jinoyatlari sodir etish uchun foydalanilgan yoxud bu jinoyatlar qasddan odam o'ldirish, bosqinchilik, talonchilik yoki boshqa og'ir, o'ta og'ir jinoyatlar bilan bog'liq bo'lgan hollarda — bu joylar xatlanadi. Xatlash mulkdorga yoki mol-mulkning egasiga mol-mulkni tasarruf qilish, zarur hollarda esa, undan foydalanish man etilganligini e'lon qilishdan yoxud mol-mulkni tortib olishdan va uni saqlab turish uchun boshqa shaxslarga topshirishdan iboratdir. Tergovchining yoki surishtiruvchining mol-mulkni xatlash to'g'risida iltimosnoma qo'zg'atish haqidagi qaroriga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi. Tergovchining yoki surishtiruvchining mol-mulkni xatlash to'g'risidagi iltimosnomani qo'zg'atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi. Prokuror mol-mulkni xatlash to'g'risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo'lgan taqdirda, mol-mulkni xatlash to'g'risidagi iltimosnomani qo'zg'atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi. Kechiktirib bo'lmaydigan hollarda, mol-mulkni xatlash sudning roziligisiz, tergovchining yoki surishtiruvchining qarori asosida amalga oshirilishi mumkin, lekin keyinchalik sud hamda prokuror qaror va bayonnomaning ko'chirma nusxalari ilova qilingan holda yigirma to'rt soat ichida xabardor qilinadi. Xabarnomada kechiktirib bo'lmaydigan holatlar aniq ko'rsatilishi kerak. Mazkur xabarnomaga tergovchining yoki surishtiruvchining mol-mulkni xatlash to'g'risidagi qarorining, mol-mulkni xatlash bayonnomasining va zarur materiallarning ko'chirma nusxalari ularni yuritish to'g'risidagi qarorning qonuniyligini tekshirish uchun ilova qilinadi. Mazkur xabarnomani va unga ilova qilingan materiallarni olganidan keyin sudya mol-mulkni xatlash amalga oshirilganligining qonuniyligini ushbu Kodeks 290¹ va 290²-moddalari tartibida qirq sakkiz soat ichida tekshiradi va uning qonuniyligi yoki qonunga xilofligi to'g'risida ajrim chiqaradi. Agar sudya mol-mulkni xatlash qonunga xilof ravishda amalga oshirilgan deb topsa, uni amalga oshirish davomida olingan barcha dalillar ushbu Kodeksning 95¹-moddasiga muvofiq nomaqbul deb topiladi. Surishtiruvchi yoki tergovchi hukmning mulkiy undirishlarga oid qismi ijrosini ta'minlovchi choralarni yoki mulkiy yo'sindagi jazo choralarini ko'rmagan taqdirda, ishni yuritayotgan sud ajrim chiqarib, ularning zimmasiga bunday choralarni ko'rish majburiyatini yuklaydi. Fuqaroviy da'voni qanoatlantirganda yoki boshqa mulkiy undirishlarni qo'llayotganda hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar, basharti oldin chora ko'rilmagan bo'lsa, sud hukmning shu qismi ijrosini ta'minlaydigan choralar ko'rish haqida ajrim chiqarishga va uning ijrosini tergov yoki surishtiruv organiga topshirishga haqli. Diplomatik vakolatxonalarning binolaridagi va diplomatik vakillarga qarashli mol-mulkni xatlashda ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinishi kerak.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.