Jinoyat-protsessual kodeksi

208-modda. Ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni saqlash hamda boshqa joyga yuborish

(208-модда Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 21 ноябрдаги ЎРҚ-1003-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.11.2024 й., 03/24/1003/0943-сон)

Ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni saqlash, shuningdek ushbu dalillarning ekspertizaga yuborilganligi yoki jinoyat ishi boshqa tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov organiga, prokurorga yoxud sudga o'tkazilganligi munosabati bilan ularni boshqa joyga yuborish chog'ida ashyoviy, yozma va raqamli dalillar yo'qolishining, shikastlanishining, buzilishining, bir-biriga qo'shilib yoki aralashib ketishining oldini olish choralari ko'rilishi kerak. Ishni o'tkazishda u bilan birga yuborilayotgan ashyoviy, yozma va raqamli dalillar ilova xatda yoki unga ilova qilinayotgan ro'yxatda sanab o'tiladi. Bundan tashqari ayblov xulosasiga yoki ayblov dalolatnomasiga ilova qilingan ma'lumotnomada ishdagi mavjud barcha ashyoviy, yozma va raqamli dalillar xar birining qayerda ekanligi ko'rsatilgan xolda birma-bir sanab o'tilgan bo'lishi kerak. Ashyoviy, yozma va raqamli dalillar pochta yoki chopar orqali yetkazib berilganda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya olingan dalillarni xolislar ishtirokida, zarur bo'lgan hollarda esa ekspert yoxud mutaxassislar ishtirokida ko'zdan kechiradi va ularni ilova xati yoki ro'yxati bilan solishtiradi. Ko'zdan kechirish jarayoni va natijalari to'g'risida bayonnoma tuziladi. Ashyoviy, yozma va raqamli dalillar ular haqidagi masala sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan yoxud tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning ishni tugatish to'g'risidagi qarori bilan hal qilinmaguniga qadar saqlab turiladi. Ushbu Kodeksning 210-moddasida nazarda tutilgan hollarda ashyoviy dalillar to'g'risidagi qaror ish yuritish tamom bo'lguniga qadar qabul qilinishi mumkin. Ashyoviy, yozma va raqamli dalil sifatida ishga qo'shib qo'yilgan narsaga, hujjatga va (yoki) elektron ma'lumotlarga egalik qilish huquqi to'g'risidagi nizo fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida hal qilinishi lozim bo'lganda ushbu narsa, hujjat va (yoki) elektron ma'lumotlar fuqaroviy ish bo'yicha sud chiqargan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar saqlanishi kerak.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.