Jinoyat-protsessual kodeksi

175-modda. Tekshirish ob'yektlari

(175-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 21 ноябрдаги ЎРҚ-1003-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.11.2024 й., 03/24/1003/0943-сон)

Ashyoviy dalillar, ekspert tekshiruvi uchun namunalar, boshqa moddiy ob'yektlar, murdalar va ularning qismlari, hujjatlar, axborot tizimlarida, elektron jismlarda va Internet jahon axborot tarmog'i manbalarida saqlanayotgan elektron ma'lumotlar, shuningdek ekspertiza o'tkazilayotgan ish materiallari tekshirish ob'yektlari bo'lishi mumkin. Ekspert tekshiruvlari tirik odamga nisbatan ham o'tkaziladi. Ekspertizani o'tkazishda tekshirish ob'yektlari (tirik odamdan tashqari) ekspert tekshiruvini o'tkazish uchun qay darajada zarur bo'lsa, shu darajada shikastlanishi yoki ishlatilishi mumkin. Bunda tekshirish ob'yektining qisman shikastlanishi yoki ishlatilishiga ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati olinishi zarur, tayinlangan ekspertizaning o'ziga xos xususiyatlari ob'yektning shikastlanishini (buzilishini) yoki ishlatilishini taqozo etuvchi hollar bundan mustasno. Tekshirish ob'yektlarining ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati bilan yoxud tayinlangan ekspertizaning o'ziga xos xususiyatlari bilan bog'liq holda shikastlanganligi yoki ishlatilganligi davlat sud-ekspertiza muassasasi, boshqa korxona, muassasa, tashkilot yoki ekspert tomonidan mazkur ob'yektlarning mulkdoriga zararning o'rni qoplab berilishiga sabab bo'lmaydi. Tekshirish ob'yektlari, agar ularning o'lchamlari va xossalari imkon bersa, o'ralgan va muhrlangan holda ekspertga topshirilishi kerak. Tekshirish ob'yektini ekspertning ish joyiga yetkazib berishning iloji bo'lmaganda, ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) unga mazkur ob'yektni moneliksiz kirib ko'rishni va uni tekshirish imkoniyatini ta'minlaydi. Tekshirish ob'yektlari davlat sud-ekspertiza muassasalarida, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlarida va sudlarda ashyoviy dalillarni saqlash qoidalariga rioya qilingan holda saqlanadi. Ekspertiza tugallanganidan keyin tekshirish ob'yektlari, agar ular to'la ishlatilgan bo'lmasa, ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.