Jinoyat kodeksi

276¹²-modda. Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy jihozlarni o'tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o'tkazish, dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan dori vositalarini retsept bo'yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish

Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy jihozlarni o'tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o'tkazish, shuningdek dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin yoxud ancha miqdorda sodir etilgan bo'lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O'sha harakatlar: a) ko'p miqdorda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; g) mansab mavqeini suiiste'mol qilish yo'li bilan sodir etilgan bo'lsa; d) badanga o'rtacha og'ir yoxud og'ir shikast yetkazilishiga sabab bo'lsa; ye) dori vositalarining yoki tibbiy jihozlarning sifati va davlat ro'yxatidan o'tganligini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish yo'li bilan sodir etilgan bo'lsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O'sha harakatlar: a) juda ko'p miqdorda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko'zlab sodir etilgan bo'lsa; v) odam o'lishiga sabab bo'lsa, — sakkiz yildan o'n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O'sha harakatlar: a) odamlar o'limiga sabab bo'lsa; b) boshqacha og'ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo'lsa, — o'n yildan o'n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan dori vositalarini retsept bo'yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin yoki ko'p miqdorda sodir etilgan bo'lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu moddaning birinchi — to'rtinchi qismlari tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo'lgan dori vositalari bilan bog'liq harakatlarni amalga oshirishda qo'llanilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.