Iste'molchi o'zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo'lishiga va uning hayoti, sog'lig'i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo'lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
Tovar (ish, xizmat)ning iste'molchilar hayoti, sog'lig'i, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsiz bo'lishiga doir talablar qonunchilik bilan belgilanadi.
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tovar (ish, xizmat)ning xizmat muddati yoki yaroqlilik muddati mobaynida, agar bunday muddat belgilanmagan bo'lsa, tovar iste'molchiga sotilgan (ish bajarilgan) dan e'tiboran o'n yil mobaynida uning xavfsiz bo'lishini ta'minlashi shart.
Iste'molchilarning hayoti, sog'lig'i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug'diruvchi tovar ishlab chiqarganlik (ish bajarganlik, xizmat ko'rsatganlik) uchun qonunchilikka muvofiq:
ishlab chiqaruvchi (ijrochi);
normativ hujjatlarni tasdiqlagan organ;
muvofiqlik sertifikati bergan organ;
sog'liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, veterinariya xizmati organlari yoki xavfli tovar (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar javobgar bo'ladi.
Tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo'lishi ta'minlanmaganligi oqibatida iste'molchining hayoti, sog'lig'i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq qoplanishi lozim.
Agar tovar (ish, xizmat)dan xavfsiz foydalanish yoki uni shu tarzda tashish va saqlash uchun maxsus qoidalarga rioya etish zarur bo'lsa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi) bunday qoidalarni ishlab chiqishi, sotuvchi (ijrochi) esa, ularni iste'molchilar e'tiboriga yetkazishi shart.
Agar tovardan foydalanish, uni saqlash, tashish yoki utilizatsiya qilish, ish (xizmat) natijalari iste'molchining hayoti, sog'lig'i, mol-mulkiga yoki atrof-muhitga zarar yetkazayotganligi yoxud zarar yetkazishi mumkinligi aniqlansa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) zarar keltiruvchi sabablar bartaraf etilgunga qadar ularni ishlab chiqarishni (bajarishni, uni realizatsiya qilishni) darhol to'xtatishi, muomaladan chiqarish va iste'molchilardan qaytarib olish choralarini ko'rishi shart.
Zarar yetkazilishining sabablarini bartaraf etish mumkin bo'lmagan taqdirda, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) bunday tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlashi, ishni bajarish va xizmat ko'rsatishni tugatishi shart, bunda davolashga, oziq-ovqatga mo'ljallangan tovarlar va maishiy kimyo tovarlari sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan utilizatsiya qilinishi shart. Bu majburiyatlar sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi (ijrochi) tomonidan bajarilmagan taqdirda, tovarni ishlab chiqarishdan olib tashlash, ishni bajarish va xizmat ko'rsatishni to'xtatish, ularni muomaladan chiqarish va iste'molchilardan qaytarib olish tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz bo'lishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari ko'rsatmasiga binoan amalga oshiriladi.
Iste'molchining hayoti, sog'lig'i va mol-mulkiga hamda atrof-muhit uchun xavfli bo'lgan tovarlarning partiyalarini muomaladan chiqarish, ishlarni bajarishni va xizmatlar ko'rsatishni taqiqlab qo'yish tartibi O'zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
Tovarni qaytarib olish, ishni bajarishni va xizmat ko'rsatishni taqiqlab qo'yish munosabati bilan iste'molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to'liq hajmda qoplanishi lozim.
Agar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) xavfli xossalarga ega bo'lgan tovarni qaytarib olish yuzasidan barcha zarur choralarni ko'rgan bo'lsa, u iste'molchi mazkur tovardan foydalanishni davom ettiraverishi tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.
lex.uz’dagi asl matn«Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi qonun
12-modda. Iste'molchining tovar (ish, xizmat) xavfsiz bo'lishiga talab qo'yish huquqi
(12-модданинг иккинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.