Garovga qo'yilgan mol-mulkni sotish bo'yicha kimoshdi savdosi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan tashkil etiladi va o'tkaziladi. Davlat ijrochisining buyurtmasi yoki kimoshdi savdosi tashkilotchisi sifatida ish yuritadigan tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilot bilan tuzgan shartnomasi kimoshdi savdosini o'tkazish uchun asos bo'ladi.
Garovga qo'yilgan mol-mulkni sotish bo'yicha kimoshdi savdosi shu mol-mulk turgan joyda o'tkaziladi.
Kimoshdi savdosi tashkilotchisi kimoshdi savdosi o'tkazilishidan kamida o'ttiz kun oldin O'zbekiston Respublikasining hududida tarqatiladigan kamida ikkita davriy bosma nashrda kimoshdi savdosi to'g'risidagi e'lonni chop etadi.
Kimoshdi savdosi to'g'risidagi e'londa quyidagi ma'lumotlar ko'rsatilishi kerak:
kimoshdi savdosiga qo'yiladigan ipoteka narsasining nomi, uning turgan joyi va uni identifikatsiya qilish uchun yetarli tavsifi, uning bahosi;
kimoshdi savdosi ishtirokchisining zakalat summasi, uni to'lash muddati va tartibi;
xarid narxini to'lash tartibi va muddatlari;
kimoshdi savdosi o'tkaziladigan joy va vaqt;
kimoshdi savdosi tashkilotchisining nomi va joylashgan yeri, ma'lumot olish uchun uning telefon raqami va to'lov rekvizitlari.
Kimoshdi savdosi to'g'risidagi e'lonning bir nusxasi, agar imkoni bo'lsa va monelik bo'lmasa, kimoshdi savdosiga qo'yilayotgan ko'chmas mulkning o'zidagi ko'rinarli joyga kimoshdi savdosi o'tkazilishidan kamida o'n kun oldin osib qo'yiladi.
Kimoshdi savdosida ishtirok etishni istagan shaxslar kimoshdi savdosi to'g'risidagi e'londa ko'rsatilishi lozim bo'lgan miqdorda, muddatlarda va tartibda zakalat pulini to'laydilar. Zakalat puli miqdori garovga qo'yilgan mol-mulk boshlang'ich sotuv narxining 5 foizidan kam bo'lmasligi lozim.
Kimoshdi savdosida ishtirok etgan, lekin unda g'olib chiqmagan shaxslarga kimoshdi savdosi tugashi bilan zakalat puli qaytarib beriladi. Kimoshdi savdosi amalga oshmagan taqdirda ham zakalat puli qaytarib berilishi kerak.
Kimoshdi savdosida sotilayotgan mol-mulk uchun eng yuqori bahoni taklif etgan shaxs kimoshdi savdosida g'olib chiqqan deb e'tirof etiladi. Bu shaxs va kimoshdi savdosi tashkilotchisi kimoshdi savdosi o'tkazilgan kuni kimoshdi savdosining natijalari to'g'risida bayonnoma imzolaydilar. Ulardan birontasining bayonnomani imzolashdan bo'yin tovlashi O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 380-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga sabab bo'ladi.
Kimoshdi savdosida g'olib chiqqan shaxs savdo tugaganidan keyin besh kun ichida o'zi sotib olgan garovga qo'yilgan mol-mulkning summasini (xarid narxini), ilgari to'langan zakalat pulini chegirib tashlagan holda, kimoshdi savdosining tashkilotchisi tomonidan ko'rsatilgan hisobvaraqqa to'lashi kerak. Bu summa to'lanmagan taqdirda, zakalat puli qaytarib berilmaydi.
Kimoshdi savdosida g'olib chiqqan shaxs xarid narxini to'lagan paytdan e'tiboran besh kun ichida kimoshdi savdosining tashkilotchisi u bilan notarial tartibda tasdiqlangan shartnomaga tenglashtirilgan oldi-sotdi shartnomasini tuzadi. Bu shartnoma va kimoshdi savdosining natijalari to'g'risidagi bayonnoma binolar (inshootlar) garovi davlat reyestriga zarur yozuvlar kiritish uchun asos bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn«Ipoteka to'g'risida»gi qonun
41-modda. Kimoshdi savdosini o'tkazish tartibi
(41-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2017 йил 16 октябрдаги ЎРҚ-448-сонли Қонуни таҳририда — Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 2017 й.)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.