«Ipoteka to'g'risida»gi qonun

33-modda. Ipoteka to'g'risidagi shartnoma yoki ipoteka bilan ta'minlangan majburiyat bo'yicha huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish

Ipoteka bilan ta'minlangan majburiyat asosida kreditorga tegishli bo'lgan huquq (talab) shu kreditorning o'zi tomonidan bitim bo'yicha boshqa shaxsga o'tkazilishi (talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish) yoki qonun asosida boshqa shaxsga o'tkazilishi mumkin. Agar ipoteka to'g'risidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, ipotekaga oluvchi mazkur shartnoma bo'yicha o'z huquqlarini boshqa shaxsga qarzdorning roziligini talab qilmasdan o'tkazishga haqli. Ipoteka to'g'risidagi shartnoma bo'yicha boshqa shaxs foydasiga o'z huquqlaridan voz kechilganda, ipoteka bilan ta'minlangan asosiy majburiyat bo'yicha qarzdordan talab qilish huquqi ham o'sha shaxsga o'tadi. Agar qarzdor kreditorning huquqlari boshqa shaxsga o'tganligi to'g'risida yozma ravishda xabardor qilingan bo'lmasa, yangi kreditor shu tufayli kelib chiqqan o'zi uchun noqulay oqibatlar xavfini o'z zimmasiga oladi. Mazkur holda majburiyatning dastlabki kreditorga nisbatan bajarilishi tegishli kreditorga nisbatan bajarish deb e'tirof etiladi. Agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, dastlabki kreditorning huquqi shu huquq yangi kreditorga o'tgan paytdagi mavjud hajmda va shartlarda o'tadi. Xususan, majburiyatlar bajarilishini ta'minlovchi huquqlar, shuningdek talab bilan bog'liq boshqa huquqlar, shu jumladan to'lanmagan foizlarga bo'lgan huquq yangi kreditorga o'tadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.