Chet ellik investorlarning xo'jalik faoliyati, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni, ularning shu'ba korxonalarini, filiallarini hamda boshqa tuzilmalarini, shuningdek xo'jalik uyushmalari va birlashmalarini tashkil etishga, sotishga, qayta tashkil etishga yoki tugatishga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning fondlarini shakllantirishga, ijara shartnomalarini va boshqa shartnomalarni tuzishga doir xo'jalik faoliyati O'zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soliqlar va to'lovlar to'laydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el valyutasidagi barcha xarajatlari ularning o'z valyuta tushumlari, shuningdek chet el valyutasini olishning qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa manbalari hisobidan ta'minlanishi kerak. Ularning o'zini-o'zi valyuta bilan qoplashi tashkil etiladigan birlashmalar va boshqa tashkiliy tuzilmalar faoliyati doirasida ham ta'minlanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar eksport-import operatsiyalarini qonunchilik talablariga rioya etgan holda mustaqil ravishda amalga oshiradi. Shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotlarining eksporti litsenziyalanmaydi va kvotalanmaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mahsulotni O'zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq litsenziyasiz import qilishga haqli. Eksport uchun yetkazib berilayotgan shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotini va korxonalar tomonidan o'z ehtiyojlari uchun import qilinayotgan mahsulotni aniqlash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Chet ellik investorlarning, chet davlatlar fuqarolarining va O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi, chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lib turgan fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan bojxona boji undirilmaydi.
Ixtirolarni va sanoat namunalarini investitsiyalar sifatida kirituvchi chet ellik investorlarga hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga tegishli bo'lgan ixtirolarni patentlash hamda sanoat namunalarini joriy etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar korxona fondlarining ro'yxatini, ularni tuzish va ulardan foydalanish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga yer uchastkalari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yigirma besh yilgacha muddatga, biroq investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun arizada ko'rsatilganidan kam bo'lmagan muddatga ijaraga beriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalaridan qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va shartlarda ijara huquqi asosida foydalanishi mumkin.
Bino va inshootlarga bo'lgan mulk huquqi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga o'tganda ushbu ob'yektlar bilan birga yer uchastkalariga bo'lgan ijara huquqi qonunchilikda belgilanadigan tartibda va shartlar asosida o'tadi.
Mol-mulkni chet ellik investorlarga ijaraga berish ijaraga beruvchi tomonidan tegishli shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar xodimlarining mehnatga oid munosabatlari O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar xodimlarining pensiya ta'minoti qonunchilik bilan tartibga solinadi.
lex.uz’dagi asl matn«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida»gi qonun
54-modda. Chet ellik investorlarning xo'jalik faoliyati
(54-моддасининг олтинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2022 йил 30 декабрдаги ЎРҚ-812-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 31.12.2022 й., 03/22/812/1145-сон — 2023 йил 1 апрелдан амалга киритилади)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.