«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida»gi qonun

40-modda. O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish tartibi

O'zbekiston Respublikasi Hukumati chet ellik investorlar tomonidan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlash maqsadida o'zaro kelishuvga ko'ra qo'shimcha kafolatlar va qo'llab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferentsiyalar) beriladigan investitsiya shartnomasini tuzishi mumkin. O'zbekiston Respublikasi Hukumati chet ellik investorga investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash doirasida qo'shimcha kafolatlar va qo'llab-quvvatlash choralarini (imtiyozlar va preferentsiyalarni) taqdim etgan taqdirda O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasi majburiy tartibda tuziladi. Chet ellik investorlarga qo'shimcha kafolatlar va qo'llab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferentsiyalar) har bir aniq holatda quyidagilarga investitsiya qilish chog'ida taqdim etiladi: barqaror iqtisodiy o'sishni, mamlakat iqtisodiyotidagi ilg'or texnologik o'zgarishlarni ta'minlovchi ustuvor tarmoqlarga; O'zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini mustahkamlash va kengaytirishni, uning jahon xo'jalik aloqalariga integratsiyasini ta'minlovchi ustuvor loyihalarga. Bunda soliqlar va to'lovlarni to'lash bo'yicha qo'shimcha imtiyozlar chet ellik investorlar tomonidan tashkil etilgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga faqat aniq belgilangan muddatga beriladi va bu imtiyozlar muddatsiz xususiyatga ega bo'lishi mumkin emas. Ushbu modda investitsiya loyihalari bo'yicha majburiyatlarning bajarilishini ta'minlash maqsadida bir tomondan investor va boshqa tomondan investitsiya faoliyati sub'yektlari, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari o'rtasida tuziladigan, investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash doirasida O'zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan qo'shimcha kafolatlar va qo'llab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferentsiyalar) berilishini talab qilmaydigan investitsiya shartnomalarining amal qilishini hech qanday tarzda cheklamaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.