Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:
investitsiya loyihasi — iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa foyda olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, o'zaro bog'liq bo'lgan tadbirlar majmui;
investitsiya majburiyati — belgilangan maqsadlarga erishish uchun investor tomonidan qabul qilinadigan majburiyat;
investitsiya siyosati — O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida va uning alohida tarmoqlarida investitsiyalarning zarur darajasini va tuzilmasini ta'minlashga, investitsiya faoliyati sub'yektlarining investitsiya manbalarini topishga va ulardan foydalanishning ustuvor tarmoqlarini aniqlashga yo'naltirilgan investitsiyaviy faolligini oshirishga doir o'zaro bog'liq tadbirlar majmui;
investitsiya faoliyati — investitsiya faoliyati sub'yektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bog'liq harakatlari majmui;
investitsiya faoliyatining ishtirokchisi — investitsiyalarning amalga oshirilishini buyurtmalarni bajaruvchi sifatida yoki investorning topshirig'i asosida ta'minlaydigan investitsiya faoliyati sub'yekti;
investitsiya shartnomasi — investitsiya faoliyati sub'yektlari o'rtasida tuziladigan, investitsiya shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan yozma bitim;
investitsiyalar — investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari ob'yektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo'lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar bo'lib, ular quyidagilarni o'z ichiga olishi mumkin:
mablag'larni, shu jumladan pul mablag'larini (shu jumladan chet el valyutasini), maqsadli bank omonatlarini, paylarni, ulushlarni, aktsiyalarni, obligatsiyalarni, veksellar va boshqa qimmatli qog'ozlarni;
ko'char va ko'chmas mol-mulkni (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklarni);
intellektual mulkka doir mulkiy huquqlarni, shu jumladan u yoki bu ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur bo'lgan, texnik hujjatlar, ko'nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlarni, shuningdek O'zbekiston Respublikasining qonunchiligida taqiqlanmagan boshqa qimmatliklarni;
investor — foyda olish maqsadida investitsiya faoliyati ob'yektlariga o'zining mablag'larini va (yoki) qarz mablag'larini yoxud jalb qilingan boshqa investitsiya resurslarini investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati sub'yekti;
mahalliy investorlar — investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, O'zbekiston Respublikasi rezidenti maqomiga ega bo'lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek O'zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
reinvestitsiyalar — investitsiyalardan olingan, tadbirkorlik faoliyati va boshqa faoliyat turlari ob'yektlariga kiritiladigan har qanday daromad, shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqlari, texnik yordam, texnik xizmatlar uchun to'lovlar va haqlarning boshqa turlari;
to'g'ridan-to'g'ri chet el investitsiyalari — chet ellik investorning hukumat kafolatlarisiz, tavakkalchilik sharoitlarida o'z mablag'lari yoki qarz mablag'lari hisobidan investitsiyalari;
chet el investitsiyalari — chet ellik investor tomonidan ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari ob'yektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo'lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar;
chet ellik investorlar — chet davlatlar, chet davlatlarning ma'muriy yoki hududiy organlari, davlatlar o'rtasidagi bitimlarga yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tuzilgan yoki xalqaro ommaviy huquq sub'yekti bo'lgan xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan va faoliyat ko'rsatadigan yuridik shaxslar, har qanday boshqa shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar, chet davlat fuqarolari va O'zbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo'lmagan shaxslar;
O'zbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar — aktsiyalarining (ulushlarining, paylarining) yoki ustav fondining (ustav kapitalining) kamida o'n besh foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar.
lex.uz’dagi asl matn«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida»gi qonun
3-modda. Asosiy tushunchalar
(3-модданинг ўн биринчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.