Agar qonunchilik hujjatlarining bajarilishi investorga yoki investitsiyalarga zarar yetkazadigan bo'lsa, ushbu qonunchilik hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega bo'lmaydi.
Agar O'zbekiston Respublikasining keyingi qonunchilik investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda bo'lgan qonunchilik chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan e'tiboran o'n yil mobaynida qo'llaniladi. Investor o'zining investitsiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonunchilik qoidalarini o'z xohishiga ko'ra qo'llash huquqiga ega.
O'zbekiston Respublikasining keyingi qonunchilik investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirgan taqdirda, investitsiya qilish paytida amalda bo'lgan qonunchilikni o'n yil mobaynida qo'llash to'g'risidagi kafolat quyidagi hollarda qo'llaniladi:
repatriatsiya tartib-taomilini murakkablashtiruvchi yoki investorning chet elga o'tkaziladigan daromadlari (foydasi) miqdorini kamaytiruvchi qo'shimcha talablar joriy etilganda, bundan investorning mablag'larini repatriatsiya qilishni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona to'lovga qobiliyatsiz bo'lgan yoki kreditorlarning huquqlari buzilgan, jismoniy shaxs bo'lgan chet ellik investor tomonidan jinoiy qilmishlar yoki ma'muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollarda yoxud sud yoki arbitraj qaroriga muvofiq shunday repatriatsiya qilishni to'xtatib turishning boshqa zarurati bo'lganda qonunchilik hujjatlarini investorlarni kamsitmaydigan tarzda qo'llash shartlari asosida to'xtatib turish mustasno;
investitsiya qilishni amalga oshirish hajmlariga son jihatdan cheklovlar va investitsiyalarning miqdori bo'yicha boshqa qo'shimcha talablar, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarda chet el investitsiyalarining eng kam miqdorini ko'paytirish tarzidagi qo'shimcha talablar joriy etilganda;
chet ellik investorning O'zbekiston Respublikasi korxonalarining ustav fondlaridagi ulushli ishtiroki bo'yicha cheklovlar joriy etilganda;
chet ellik investorlarning vizalarini rasmiylashtirish va uzaytirish bo'yicha qo'shimcha tartib-taomillar, shuningdek chet el investitsiyalarini amalga oshirish bo'yicha boshqa qo'shimcha talablar joriy etilganda.
Investor uchun noqulay o'zgarishlarga qarshi kafolatlarning amal qilishi quyidagi hollarda boshlanadi:
korxona tashkil etilganda — u davlat ro'yxatidan o'tkazilgan sanadan e'tiboran;
mol-mulkni, ulushni, O'zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan emitentlangan aktsiyalarni va boshqa qimmatli qog'ozlarni, savdo va xizmat ko'rsatish sohasi ob'yektlariga, turar joylarga bo'lgan mulk huquqini, shuningdek yer uchastkalariga bo'lgan huquqni hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini olishda — mulk huquqini yoki boshqa ashyoviy huquqni mustahkamlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e'tiboran;
intellektual mulkka bo'lgan huquqlarni, shu jumladan mualliflik huquqlarini, patentlarni, tovar belgilarini, foydali modellarni, sanoat namunalarini, firma nomlarini va nou-xauni, shuningdek ishchanlik obro'sini (gudvillni) kiritishda — intellektual mulkka bo'lgan huquqlar kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e'tiboran;
kontsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirishga, o'zlashtirishga, qazib olishga yoxud ulardan foydalanishga doir kontsessiyalarni olishda — kontsessiya shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilgan sanadan e'tiboran;
O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasida bir vaqtning o'zida investitsiya majburiyatlarini mustahkamlab qo'ygan holda investitsiya qilishda — shartnoma kuchga kirgan sanadan e'tiboran;
O'zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo'lmagan boshqa shakllarda investitsiya qilishda — investor tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyati amalga oshirilayotganligini tasdiqlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e'tiboran.
Ushbu modda xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan printsiplariga muvofiq belgilanadigan O'zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga doir manfaatlarini himoya qilishni ta'minlash bilan bevosita bog'liq bo'lgan qonunchilik hujjatlarini qabul qilishga, o'zgartirishga, to'ldirishga yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida»gi qonun
19-modda. Qonunchilikning investor uchun noqulay o'zgarishlariga qarshi kafolatlar
(19-модда учинчи қисмининг иккинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 21 февралдаги ЎРҚ-911-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 22.02.2024 й., 03/24/911/0142-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.