«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonun

23-modda. Ijro ishi yuritishni qo'zg'atish

(23-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2022 йил 11 апрелдаги ЎРҚ-762-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 12.04.2022 й., 03/22/762/0290-сон)

Davlat ijrochisi ijro hujjatini suddan yoki uni bergan boshqa organdan yoxud undiruvchidan (agar ijro hujjatini ijroga topshirish muddati o'tmagan va mazkur hujjat ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo'lsa) ijro uchun qabul qilib olishi va ijro ishi yuritishni qo'zg'atishi shart (bundan ushbu Qonunning 3¹-bobida nazarda tutilgan hollar mustasno). Agar qonunchilikda ijro hujjatlarining ayrim turlariga doir majburiy ilovalar nazarda tutilgan bo'lsa, ular davlat ijrochisiga ijro hujjati bilan birga taqdim etilishi kerak. Davlat ijrochisi ijro hujjatini olgan paytdan e'tiboran bir ish kuni ichida ijro ishi yuritishni qo'zg'atish to'g'risida qaror chiqaradi. Davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni qo'zg'atish to'g'risidagi qarorda ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun ijro ishi yuritish qo'zg'atilgan kundan e'tiboran ko'pi bilan o'n besh kun muddat belgilaydi va qarzdorni mazkur muddat tugaganidan keyin ijro hujjatidagi talablar undan ijro yig'imi, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalar, shuningdek ijro xarajatlari undirilgan holda majburiy ijro etilishi to'g'risida xabardor qiladi. Sudning jarima tariqasida jazo tayinlash to'g'risidagi hukmi asosida berilgan ijro varaqasi bo'yicha ijro ishi yuritish qo'zg'atilganda uni ixtiyoriy ravishda ijro etish O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 19-moddasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Ijro ishi yuritishni qo'zg'atish to'g'risidagi qaror nusxasi u chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek hujjati ijro etilishi lozim bo'lgan sud yoki boshqa organga yuboriladi. Davlat ijrochisi undiruvchining arizasiga binoan yoki o'z tashabbusi bilan mulkiy undiruv bo'yicha ijro ishi yuritishni qo'zg'atish to'g'risida qaror chiqarish bilan bir vaqtda qarzdorning mol-mulkini ro'yxatga olib, ularni xatlashga haqli bo'lib, bu haqda mazkur qarorda ko'rsatib o'tadi. Ijro ishi yuritishni qo'zg'atish to'g'risidagi qaror ustidan shikoyat qilish yoki protest bildirish mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.