Fuqarolik protsessual kodeksi

419¹⁰-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish

Taftish instantsiyasi sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) quyidagi hollarda qaytaradi, agar: 1) taftish tartibidagi shikoyat (protest) imzolanmagan bo'lsa yoki uni imzolash huquqiga ega bo'lmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqei yoki familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari ko'rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo'lsa; 2) taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksning 419⁷-moddasida belgilangan talablarga rioya etilmagan yoki shikoyatga (protestga) ushbu Kodeks 419⁸-moddasining ikkinchi, uchinchi, beshinchi va oltinchi qismlarida ko'rsatilgan hujjatlar ilova qilinmagan bo'lsa; 3) taftish tartibidagi shikoyatga davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda to'langanligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan bo'lsa, qonunda davlat bojini to'lash muddatini kechiktirish, bo'lib-bo'lib to'lash yoki uning miqdorini kamaytirish imkoniyati nazarda tutilgan hollarda esa, bu haqda iltimosnoma mavjud bo'lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bo'lsa; 4) taftish tartibidagi shikoyat (protest) belgilangan muddat o'tganidan keyin berilgan bo'lsa va o'tkazib yuborilgan muddatni tiklash to'g'risida iltimosnoma mavjud bo'lmasa; 5) taftish tartibidagi shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilinganligi to'g'risida ajrim chiqarilguniga qadar shikoyatni (protestni) bergan shaxsdan uni qaytarib olish (chaqirib olish) to'g'risida ariza tushgan bo'lsa; 6) taftish tartibidagi shikoyat (protest) ushbu Kodeks 419⁶-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan holda sud hujjatini qabul qilgan sudni chetlab o'tgan holda yuborilgan bo'lsa. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish to'g'risidagi ajrimda shikoyatni (protestni) qaytarish asoslari ko'rsatiladi, shikoyatni berishda to'langan davlat bojini qaytarish haqidagi masala hal etiladi. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish to'g'risidagi ajrimning ko'chirma nusxasi shikoyatni (protestni) bergan shaxsga shikoyat (protest) va unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga yuboriladi. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish to'g'risidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, shikoyat (protest) dastlab sudga murojaat qilingan kunda berilgan hisoblanadi. Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan holatlar bartaraf etilgach, shikoyatni (protestni) bergan shaxs taftish tartibidagi shikoyat (protest) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.