Fuqarolik protsessual kodeksi

150-modda. Ma'muriy javobgarlikka tortish

Sud majlisida tartibni buzgan yoki sudga boshqacha tarzda hurmatsizlik bildirgan shaxs sud tomonidan ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Sudga hurmatsizlik guvohning, da'vogarning, javobgarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo'yin tovlashida yoki ushbu shaxslar va boshqa fuqarolarning raislik qiluvchining farmoyishiga bo'ysunmasligida yoxud sud majlisi vaqtida tartibni buzishida namoyon bo'ladi. Sudga hurmatsizlik ko'rsatilganligi fakti aniqlanganligi to'g'risida ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan sud majlisining o'zida alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan sudya (sud tarkibi) tomonidan huquqbuzarga darhol e'lon qilinadi. Mazkur fakt sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi. Bunda ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma tuzilmaydi. Sudga hurmatsizlik ko'rsatilganligi fakti aniqlangan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar o'z tushuntirishlarini berishga haqli. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi qaror raislik qiluvchi tomonidan ish bo'yicha sud majlisi tugagandan keyin alohida xonada (maslahatxonada) tuzilib, sudya (sud tarkibi) tomonidan imzolanadi. Agar sudga hurmatsizlik sud majlisida ko'rsatilgan va huquqbuzar sud majlisi zalini tark etgan bo'lsa, sudga hurmatsizlik sud majlisidan tashqarida ko'rsatilgan bo'lsa, shuningdek sud majlisiga kelishdan bosh tortganlik aniqlansa, huquqbuzarlik to'g'risidagi bayonnoma sudyaning yordamchisi (katta yordamchisi) yoki sud raisining yoxud sud majlisida raislik qiluvchining og'zaki farmoyishiga asosan boshqa sud xodimi tomonidan tuziladi va bu haqda huquqbuzarlik to'g'risidagi bayonnomada ko'rsatiladi. Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollarda huquqbuzarlik to'g'risidagi bayonnoma ushbu sud tomonidan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.