Fuqarolik kodeksi

993-modda. O'n to'rt yoshgacha bo'lgan voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

O'n to'rt yoshgacha bo'lgan voyaga yetmagan (kichik yoshdagi bola) tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiylari, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, javobgar bo'ladilar. Agar vasiylikka muhtoj kichik yoshdagi bola tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga ko'ra vasiysi hisoblanadigan boshqa shunga o'xshash muassasada turgan bo'lsa, bu muassasa, agar zarar muassasaning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni to'lashi shart. Agar kichik yoshdagi bola o'quv yurti, tarbiyalash, davolash muassasasi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart bo'lgan boshqa muassasaning, shuningdek shartnoma asosida nazoratni amalga oshiruvchi shaxsning nazorati ostida turgan vaqtda zarar yetkazgan bo'lsa, bu muassasalar va shaxslar, agar zarar ularning nazoratni amalga oshirishdagi aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zarar uchun javobgar bo'ladilar. Ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, o'quv yurtlari, tarbiyalash, davolash muassasalari va boshqa muassasalarning kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni to'lash majburiyati kichik yoshdagi bola voyaga yetishi yoki u zararni to'lash uchun yetarlicha mol-mulk olishi munosabati bilan bekor bo'lmaydi. Agar ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan boshqa shaxslar vafot etgan bo'lsalar yoki ular zararni to'lash uchun yetarli mablag'ga ega bo'lmasalar, to'liq muomalaga layoqatli bo'lib qolgan zarar yetkazuvchining o'zi bunday mablag'ga ega bo'lsa, sud taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni to'liq yoki qisman zarar yetkazuvchining o'z mol-mulki hisobidan qoplash to'g'risida qaror qabul qilishga haqli.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.