Fuqarolik kodeksi

896-modda. Boyliklarni bankda saqlash

Bank qimmatli qog'ozlarni, qimmatbaho metallar va toshlarni, boshqa boyliklarni, shuningdek hujjatlarni saqlash uchun qabul qilishi mumkin. Bankda boyliklarni saqlash shartnomasi bank tomonidan boylik topshiruvchiga nomi yozilgan saqlov hujjatini berish yo'li bilan rasmiylashtiriladi. Bu hujjatni taqdim etish bank tomonidan saqlanayotgan boyliklarni boylik topshiruvchiga berish uchun asos bo'ladi. Qimmatli qog'ozlarni saqlash (depozit) shartnomasida nazarda tutilgan hollarda bank ularning to'liq saqlanishini ta'minlashdan tashqari, ushbu qog'ozlarga nisbatan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni ham (vakillik va hokazo) amalga oshiradi. Boyliklarni yakka tartibdagi po'lat sandiqdan (po'lat sandiq bo'linmasidan, saqlash uchun mo'ljallangan alohida binodan) foydalangan holda saqlash shartnomasi bank tomonidan boyliklarni saqlash uchun qabul qilish harakatlarini amalga oshirish va boylik topshiruvchiga po'lat sandiq kalitini, boylik topshiruvchini ko'rsatadigan varaqcha, ko'rsatuvchining po'lat sandiqni ochish va undan boyliklarni olish huquqini tasdiqlaydigan boshqa belgi yoki hujjat berish yo'li bilan tuzilishi mumkin. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, boylik topshiruvchi istagan vaqtda boyliklarni po'lat sandiqdan olishi, ularni qayta qo'yishi, saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashi mumkin. Bunda bank boylik topshiruvchining boyliklarni olishini va qaytarib topshirishini hisobga olish huquqiga ega. Boylik topshiruvchi boyliklarning bir qismini po'lat sandiqdan olgan taqdirda, bank boyliklarning qolgan qismi but saqlanishi uchun javobgar bo'ladi. Ushbu moddada belgilangan bankning po'lat sandig'ida boyliklarni saqlash qoidalari bank o'z po'lat sandig'ini mulk ijarasi shartlari asosida foydalanish uchun boshqa shaxsga beradigan hollarga taalluqli bo'lmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.